Uy olib berishni vaʼda qilib fuqaroni 35 ming dollarga “tushirgan” firibgar qoʻlga olindi

17:09 04 Dekabr 2018 Jamiyat
579 0

Illyustrativ foto

Hech bir jarayon yoʻqki, uning huquqiy asosi, belgilangan meʼyori boʻlmasa. Hamma sohaning ham oʻz tartib-qoidalari bor. Bunga rioya etilsa, “olam guliston!”.

Masalan, poytaxtimizda qurilayotgan arzon-uy joylardan birini olishning ham aniq tartibi belgilangan. Buning uchun oʻzi yashab turgan hududdagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tavsiyalari va boshqa tegishli tashkilotlardan zarur hujjatlar yigʻilib, mahalla koʻmagida mahalliy hokimliklarda tuzilgan maxsus komissiyaga topshiriladi. Komissiya aʼzolari hujjatlarni belgilangan tartibda oʻrganib chiqib, xulosa beradi. Bu esa arzon turarjoylarni chindan ham uy-joyga muhtoj fuqarolarga berilishida adolat va shaffoflikni taʼminlaydi.

Ammo ayrim insonlarda qonun-qoidani chetlab oʻtsa boʻladi, degan tushunchaning, shuningdek, ayni shundaylar xatosini poylab, undan ustamona foydalanib qoluvchi baʼzi firibgarlarning hali-hanuz borligi, afsuski, haqiqat.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi maʼlumotiga qaraganda, Toshkent shahar IIBga hujjat kelib tushadi. Unga koʻra, shu yil iyul oyida Jizzax viloyatida yashovchi, muqaddam sudlangan B. S. Chilonzor tumanida yashovchi D. B. (ismli ayol)ga Sergeli tumanida qurilayotgan yangi uylardan 3 xonalisini shu yil avgust oyiga qadar olib berishini vaʼda qiladi. Ishni bitirish uchun undan 35 000 AQSH dollarini oladi.

Oradan ancha vaqt oʻtadi. Ammo B. S. bergan vaʼdasini bajarmasdan pullarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi. Hujjatda keltirilgan vajlar yuzasidan oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida B. S. qoʻlga olingan. Ayni paytda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bizning xulosa shunday: hamma ishni xufyona, belgilangan qoidalardan chetlab emas, balki qonun doirasida amalga oshiringki, yuzingiz ham, yoʻlingiz ham yorugʻ boʻlsin.
Rahim ShЕRQULOV
tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?