Uy hayvonlariga pasport nimaga kerak?

10:20 31 Avgust 2019 Jamiyat
464 0

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbekistonda hayvonlarga pasport beriladi va buning uchun toʻlov undiriladi” degan xabar ancha shov-shuvga sabab boʻlmoqda. Gap Hayvonlarning egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun undiriladigan toʻlovlar miqdori va shartlari toʻgʻrisidagi nizom haqida ketmoqda.

Tushunmovchiliklarning oldini olish uchun masalaning qator jihatlariga oydinlik kiritish ehtiyoji tugʻildi.

Masalaning tarixi

Aslida hayvonlarga birkalash, tamgʻalash, jetonlash va chip oʻrnatish orqali individual raqam berish va veterinariya pasporti rasmiylashtirish tartibi birmuncha avval – Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-sentyabrdagi maxsus qarori bilan joriy qilingan. Unda aytilishicha:

Saqlanayotgan (boqilayotgan) har bir bosh hayvonga veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi (qoʻy va echkilarga guruh usulida veterinariya pasporti rasmiylashtirilishi mumkin).

Oʻshandan beri Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan 82 mingdan ortiq chorva mollari identifikatsiyadan oʻtkazilganligi maʼlum. Endilikda ushbu identifikatsiya uchun toʻlovlar joriy etish haqidagi hujjat chiqdi va masala yana kun tartibiga koʻtarildi.

Veterinariya pasporti nima?

Koʻpchilik hayvonlarning pasportini odamlarnikidek boʻladi deb oʻylayapti. Aslida veterinariya pasporti ijtimoiy tarmoqlarda kulgiga olinayotgandek, hayvonning shaxsini, propiskasini va fuqarolik holatini tasdiqlovchi hujjat emas. 

Veterinariya pasporti – bu hayvonning identifikatsiya raqami, uning egasi, hayvonlarning kasalliklarga qarshi emlanganligi, davolash ishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qayd etib boriladigan hujjat.

Hayvonlarga pasport nimaga kerak?

It, mushuk kabi uy hayvonlari uchun identifikatsiyalash tartibi avvaldan mavjud va bu asosan ular tarqatishi mumkin boʻlgan kasalliklarning oldini olish uchun qilinishi koʻpchilikka tushunarli. Asosiy savollar chorva mollari xususida boʻlmoqda. Shu sababli nima uchun qoʻy, mol, choʻchqa, eshak kabi hayvonlar identifikatsiyalanishini tushuntiramiz. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda turli memlar va hajvlar nishoniga aylangan bu tartibning tagida aslida jiddiy asoslar bor.

1. Oziq-ovqat xavfsizligi. Har bir uy hayvonini nazoratga olish, uning salomatlik kartasini yuritish orqali oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi. Goʻsht-sut mahsulotlari, oʻzingiz bilasiz, tirik organizmdan olinadi. Organizm esa turli kasalliklar yuqtirishi, oʻzida tashishi va tarqatishi mumkin.

Endilikda har bir chorva moli tugʻilganidan keyin maʼlum muddat oʻtgach veterinariya roʻyxatiga olinadi, uning qanday kasalliklarga chalingani, qachon emlangani, qachon soʻyilishi mumkinligi qayd etib boriladi. Masalan, qoramollarga turli sabablarga koʻra antibiotik qilingan boʻlishi mumkin. Antibiotik olgan molning goʻshti maʼlum muddatgacha isteʼmolga yaroqsiz boʻladi, yaʼni uni soʻymay turish kerak. Bizda hozir shu tartibga amal qilinyaptimi? Qayerdan bilamiz: kechagina kuchli antibiotik olgan mol goʻshtini isteʼmol qilayotgan boʻlsak-chi? Bu goʻshtni homilador yoki emizikli ayollar, antibiotik mumkin boʻlmagan kasallar ham yeyishi mumkin.

Qolaversa, endi eshak goʻshtini molniki deb sotish mumkin boʻlmaydi. Dasturxonimizga kelayotgan har bir tishlam goʻshtning “tarixi” maʼlum boʻladi.

2. Jahon standartlari. Biz jahon bozoriga chorva mahsulotlari eksporti haqida ham oʻylar ekanmiz, xalqaro standartlar talabini ham bajarishimiz kerak. Xalqaro bozor esa roʻyxatga olinmagan, kelib chiqishi nomaʼlum chorvadan olingan mahsulotlarni qabul qilmaydi. Hozirda qator xalqaro tashkilotlar yurtimizda chorva mollari identifikatsiyasini oʻtkazish uchun grantlar ajratmoqda. Ushbu grantlarni ajratishdagi maqsadlardan biri ham aynan jahon oziq-ovqat bozorining xavfsizligini taʼminlashdan iborat.

3. Epizootik muhitni nazorat qilish. Identifikatsiyalash hayvonlarni kasalliklarga qarshi emlanganligini tasdiqlash, hayvonlarning aniq hisobini yuritish va identifikatsiya qilingan hayvonlar toʻgʻrisida yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish uchun zarur. Bu orqali hayvonlar orasida tarqalishi mumkin boʻlgan epidemiyalar nazoratga olinadi. Qolaversa, identifikatsiya qilish hayvonlarni turli kasalliklarga qarshi emlashda davlat tomonidan berilayotgan vaksinalardan samarali foydalanishga olib keladi va ularning talon-taroj qilinishining oldini oladi.

4. Chorva mollariga egalik huquqini rasmiylashtirish. Har bir molning biron joyiga tamgʻa bosish va shu tamgʻa asosida uni egasiga rasmiylashtirib qoʻyish orqali, birinchidan, mollar oʻgʻirlanishining oldi olinadi. Ikkinchidan, qoramol orqali turli spekulyatsiyalar qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Masalan, fermerlarga har bir qoramol uchun maʼlum miqdorda yer beriladi. Hozir fermerlarda, nazariy jihatdan, qoʻni-qoʻshnisi yoki qoʻshni fermadagi mollarni oʻziniki qilib koʻrsatib, koʻproq yer ijaraga olishi imkoni bor. Chorva mollari roʻyxatga olinib, yagona elektron reyestrga kiritilgach, bu imkoniyat yoʻqqa chiqadi.

5. Chorva mollari real miqdorini aniqlash va hisobini yuritish. Bozorda goʻsht-sut mahsulotlari narxi real talab va taklif asosida shakllanishi lozim. Endilikda spekulyativ qora sxemalar orqali talab-taklif muvozanatini izdan chiqarish va mahsulot narxini sunʼiy oshirib yuborish holatlarining oldi olinadi. Masalan, talab kam, goʻsht narxi shuning uchun baland deyilsa, buni real raqamlar orqali aniqlash, tasdiqlash yo inkor etish imkoni mavjud boʻladi.

Identifikatsiya qilish tartibi qanday?

Hayvon egalari hayvon tugʻilgandan maʼlum muddat oʻtgach doimiy yashash joyidagi veterinariya xizmatining vakiliga murojaat qilishi lozim. Har bir hayvon turiga bu muddat ularning tugʻilgandan keyin yashab qolishi tendensiyasini hisobga olgan holda alohida belgilangan. Masalan, qoramol, qoʻy va echkilar, tuyalarning bolalari – 14 kunligidan, qulunlar va xoʻtiklar – 4 oyligidan roʻyxatga olinadi.

Identifikatsiya qilish uchun hayvonlarni veterinariya boʻlimlariga olib borish kerakmi?

Shart emas. Veterinariya xizmati vakilining oʻzi ariza kelib tushgandan soʻng 3 kun ichida joyiga borib hayvonlarni identifikatsiya qiladi (toʻlov aslida shuning uchun undirilyapti). Hayvon egasining xohishiga koʻra, it va mushuklar ixtiyoriy ravishda veterinariya boʻlimlariga olib borilishi mumkin.

Hozirda hayvonlarni roʻyxatdan oʻtkazishning soddalashtirilgan usulini joriy etish hamda bu sohaga innovatsiyalarni jalb qilish ustida ish olib borilmoqda. Yaqin davrda maxsus dastur va ilovalar ishlab chiqiladi. Chorva egasi oʻz qoramolini qoʻlidagi smartfoni yoki kompyuter orqali roʻyxatdan oʻtkazishi va toʻlovni amalga oshirishi mumkin boʻladi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish majburiymi?

Qoramollar, qoʻy va echkilar, choʻchqalar, otlar, eshaklar va tuyalar, itlar va mushuklarni identifikatsiya qilish shart. Ushbu shartni bajarmaslik veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish hisoblanadi va tegishli javobgarlikka olib keladi.

Bu odamlarning mulkini nazoratga olish uchun qilinyaptimi?

Bunday xavotirga oʻrin yoʻq. Chunki uy hayvonlaridan mulk soligʻi olinmaydi. Ularning sonini nazoratga olishdan davlat gʻaznasiga hech qanday soliq yoki boshqa manfaatlar yoʻq.

Identifikatsiya qilingan hayvonlar sotilsa va hadya etilsa nima boʻladi?

Hayvonni sotib olgan odam doimiy yashash joyidagi veterinariya xizmati orqali 7 kun ichida hayvonni hisobga qoʻydiradi. Bunda hayvon yangidan identifikatsiya qilinmaydi yoki yangi pasport berilmaydi. Eski pasportiga tegishli yozuv kiritiladi va masʼul xodim tomonidan tasdiqlanadi.

Hayvonlarning egalaridan identifikatsiya qilish xizmatlari uchun toʻlov undiriladimi?

Ha undiriladi. Ammo katta miqdordagi summa emas.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish xizmatlari uchun quyidagi miqdorlarda toʻlov undiriladi:

  • har bir qoramol, ot, eshak va tuyalar uchun – 4 460 soʻm;
  • har bir qoʻy, echki va choʻchqalar uchun – 3 345 soʻm;
  • har bir it va mushuklar uchun – 2 230 soʻm.

Hozirda mamlakatimizda mavjud chorva mollarining faqat 5 foizi fermerlar qoʻlida, qolgan 95 foizi esa aholida. Shunday sharoitda ushbu chora-tadbirlarni vaqtida va toʻgʻri amalga oshirish uchun aholining ongli yordami va xayrixohligi katta ahamiyatga ega. Chunki bular luqmamiz halolligi, naslimiz sogʻlomligi uchun qilinayotgan tadbirlar sirasiga kiradi.

Sh.Soatova

Adliya vazirligi masʼul xodimi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?