Uchquduqda Oʻzbekiston konchiligi tarixida yangi sahifa ochildi

11:10 27 Avgust 2019 Jamiyat
152 0

Uchquduqda Sorbsiyalash jarayoni chiqindilarini yuqori samarali kuydirish majmuasi ishga tushirildi.

Dunyoda yagona sanalayotgan mazkur majmua mamlakatimiz Prezidenti tomonidan belgilab berilgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026-yilgacha rivojlantirish dasturi doirasidagi “Koʻkpatas” va “Dovgiztov” konlarining ishlashi qiyin boʻlgan rudalaridan oltin ajratib olish texnologiyasini takomillashtirish” loyihasining samarador investitsion quvvatlaridan biri. U NKMKning yirik tuzilmasi Shimoliy kon boshqarmasining 3-gidrometallugiya zavodi iqtisodiy samaradorligini yanada oshiradi.

Qiymati 114 million AQSH dollariga baholanayotgan mazkur majmua oʻzining ilgʻor muhandislik-texnik yechimlari, texnologik jihozlanish darajasi bilan turdosh quvvatlardan ajralib turadi.

Loyiha Navoiy Kon metallurgiya kombinati muhandislari jamoasi va “Uzgeorangmetliti” instituti olimlari olib borgan ilmiy-tadqiqotlari hamda dunyo konchilik mashinasozligining yetakchisi hisoblangan Germaniyaning “Injiniring Dobersek” kompaniyasi hamkorligining samarasidir. Shuningdek, majmuada Italiyaning “Tenova”, Avstriyaning “Semtek”, Germaniyaning “Ayrix” singari yirik kompaniyalarida ishlab chiqarilgan yuqori samarali, avtomatlashgan asbob-uskunalari oʻrnatilganligi uning barqaror ishlashini taʼminlaydi.

– Ushbu zamonaviy majmuaning ishga tushirilishi mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoati tarixida yangi bosqichni boshlab berishi mubolagʻa emas, – deydi 3 - gidrometallurgiya zavodi muhandisi Lada Lagoda. – Ishonch bilan aytamanki, kombinat jamoasi bilan kelgusida ham bunday eng zamonaviy majmualarni yurtimizning boshqa hududlarida ham barpo etamiz.

Shimoliy kon boshqarmasi 3-gidrometallurgiya zavodida Sorbsiyalash jarayoni chiqindilarini yuqori samarali kuydirish majmuasi ishga tushirilishi korxonada xom ashyodan foydalanish samaradorligini 8 foizgacha, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 11 foizga oshirish imkonini taqdim etadi. Shuningdek, 150 ta yangi ish oʻrinlari yaratishi bilan ijtimoiy ahamiyatga ega. Muhimi ushbu kreativ yondoshuv mamlakatimiz konchiligi tarixida yangi sahifa ochi berdi.

Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?