Uchquduqda Davlat xizmatlari markazining yangi binosi ish boshladi

11:50 16 Avgust 2019 Jamiyat
94 0

Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi ish boshladi. Bu haqda DXA Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Anʼanaga aylangan qadriyat, karnay-surnay sadolari, yangi obyekt mahalliy byudjet hisobidan qurilib, xalq ixtiyoriga topshirildi.

Xalq kiradigan joy shinam va obod boʻlishi uchun alohida eʼtibor qaratilgan. Resepshnda hamisha ochiq chehradagi markaz xodimi fuqarolarni tizim faoliyati bilan tanishitirib, yoʻnaltiradi.

Elektron navbat, kutish zali, bolalar maydonchasi, internetdan foydalanish uchun bepul WiFi tashkil etilgan. Markaz bir vaqtning oʻzida 11 ta qabul oynasida murojaatchilarga xizmat koʻrsata oladi. Bejirim va betakror dizaynda zamonaviy jihozlangan zalda 5 ta monitorda 100 dan ortiq davlat xizmati turlari yuzasidan maʼlumotlar markazga keluvchi fuqarolar uchun taqdim etilgan.

- 9 oy avval bu yerlar taqir tuproq edi. Quruvchilar bor boʻlishsin, choʻl bagʻrida bir moʻjiza yaratishdiki, uchquduqlik aholi bundan mamnun, - deydi keksa nuroniy Abdulla Kerimbayev.

Uchquduq tumani davlat xizmatlari markazi yil boshidan shu kunga qadar aholiga 8500 ta davlat xizmatini koʻrsatdi. 40 mingdan ortiq aholisi bor uchquduq uchun avvalgi bino kichik, fuqarolar xizmat olishi uchun torlik qilardi.

- Yashirmaymiz, juda noqulay edi. Mana endi xalq kirsa kirgulik, milliy va zamonaviy dizayndagi arxitektura, keng va yorugʻ xizmat olish zali, xizmat oynalari bari bari koʻngildagidek…Bunday sharoitda ishlash xodimlar uchun ham, markaz xizmatidan foydalanishga kirgan odamlar uchun oʻzgacha kayfiyat ulashadi, - deydi markaz direktori Umar Xudoyqulov.

Markaz binosida tuman fuqarolik holati dalolatnomalari yozish boʻlimi, tadbirkorlar uchun bosh vazir qabulxonasi ham ish boshladi.

Bu birinchi markaz emas, viloyatda Uchquduq Davlat xizmatlari markazi oʻz faoliyatini yangi binoda boshlagan toʻrtinchi markazdir. Yana Navbahor va Xatirchi tumanlarida ham markazlarning yangi binolari ish boshlash arafasida.

Asosiysi, fuqarolarga xizmat koʻrsatish sifatining eng yorqin namunasini koʻrsatish. Chunki, chulquvar uchquduqliklar bunga munosib.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?