Uchqoʻrgʻondagi kichik GESlar kaskadi energiya bera boshladi

17:14 09 Iyul 2019 Iqtisodiyot
357 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida Katta Fargʻona kanalidagi kichik GESlar kaskadining ishga tushirildi.

Bundan roppa-rosa 80 yil oldin - 1939-yil 1-avgustda 40 kun ichida hashar yoʻli bilan qurib bitkazilgan Katta Fargʻona kanalining tantanali ochilishi marosimi oʻtkazilgan edi. Ushbu misli koʻrilmagan tarixiy inshoot Fargʻona vodiysining minglab gektar yerlarini oʻzlashtirishda asosiy obi-hayot manbai boʻlib xizmat qilib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “2017–2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi Qarorda respublikamizning tabiiy suv oqimlari va suv xoʻjaliklari obyektlarida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizimida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish boʻyicha investitsiya loyihalari roʻyxati tasdiqlangan.

Roʻyxatdan 2017–2019-yillarda Katta Fargʻona kanalining Uchqoʻrgʻon tumanidan oqib oʻtuvchi qismida umumiy quvvati 12 MVtga teng boʻlgan kichik GESlar kaskadini qurish vazifasi ham oʻrin olgan. Mazkur inshoot barpo etilishi natijasida Namangan viloyati yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 72,89 mln. kVt.s ga oshirishga erishiladi. Bu esa, 48 ming xonadon yoki viloyatning Uchqoʻrgʻon tumanini uzluksiz ekologik toza va qayta tiklanuvchi elektr quvvati bilan toʻliq taʼminlash imkonini beradi.

Loyihaning umumiy qiymati 31 mln. AQSH dollariga teng boʻlib, uning 22,3 mln. AQSH dollari “Oʻzbekgidroenergo” AJ, qolgan qismi esa Xitoy Xalq Respublikasining “Eksimbanki” hisobidan moliyalashtirildi. Xarajatlar 8,5 yil davomida toʻla qoplanishi koʻzda tutilmoqda.

Oʻtgan ikki yil davomida bu yerda har birining quvvati 6 MVt boʻlgan ikkita kichik GESdan iborat boʻlgan kaskad qurilishi amalga oshirilib, hududda tegishli topografik-geodeziya tadqiqotlari olib borildi.

Ayni jarayonda kichik GESlar kaskadiga suv beruvchi kanalning ikki qirgʻogʻiga 3 ming tupdan ziyod mevali, 200 tupdan ziyod manzarali daraxtlar ekilib, hudud obodonlashtirildi.

- Uchqoʻrgʻon GESi soʻnggi texnologiyadagi uskuna va jihozlar bilan taʼminlangan,-deydi Xitoyning “Dongfang Elektric” kompaniyasi vakili Li Chun Guang. – Ular tejamkorligi va uzoq muddat ishlashi bilan ajralib turadi. Masalan, kaskadga oʻrnatilgan agregatlar 40 yildan koʻproq muddat xizmat qila oladi.

Katta Fargʻona kanalidagi kichik GESlar kaskadining ishga tushirilishiga bagʻishlangan tadbir bayramga aylanib ketdi. Unda hukumat vakillari, GES qurilish-montaj ishlarida ishtirok etgan korxonalar, jumladan,Xitoy Xalq Respublikasidan hamkorlar ishtirok etdilar. Rasmiy ochilish marosimidan soʻng ramziy tugma bosildi va kichik GESlar kaskadi ishga tushdi.

Kichik GESlar kaskadining ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Szyan Yan, “Oʻzbekgidroenergo” AJ apparat rahbari S. Hamroyev, Namangan viloyati hokimi X. Bozorov ishtirok etdilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?