Uchqoʻrgʻondagi faoliyati toʻxtab qolgan korxona Xitoy investitsiyasi hisobiga yana ish boshlaydi

15:46 24 Oktyabr 2018 Jamiyat
595 0
Foto: Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati

“Xalq soʻzi Online”. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahri va Namangan viloyati oʻrtasida investitsiyaviy hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Shu munosabat bilan Namanganga tashrif buyurgan Sindao shahri xalq xukumati vakili Van Sin-Chun rahbarligidagi ishbilarmon doiralar vakillari delegatsiyasi va Namangan viloyati hokimligi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Viloyat hokimligidagi qabul chogʻida ikki tomonlama savdo iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi va tegishli memorandum imzolandi, hamkorlikdagi loyihalar ijrosi boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Shu kuni viloyatdagi 40 dan ziyod salohiyatli tadbirkorlar ishtirokida “Biznes forum” hamda mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil qilindi.

Delegatsiya aʼzolari tashrif davomida viloyatdagi yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi eksportchi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Yakunda Yangiqoʻrgʻon tumanida zamonaviy dam olish maskani qurish, Chortoq tumanida manzarali daraxtlar yetishtirish, issiqxona va gulchilik sohasini rivojlantirish, Uchqoʻrgʻon tumanidagi faoliyati toʻxtab qolgan ichimlik suvi qadoqlash korxonasini ishga tushirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?