Uchinchi Renessans — milliy gʻoya sifatida

16:19 08 Sentyabr 2020 Jamiyat
2675 0

“Xalq so`zi ONLINE”

Jonajon diyorimiz Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tantanali tabrik nutqida taraqqiyotimizning maqsadi Uchinchi Renessans boʻlishi lozimligini taʼkidladi. Nihoyatda jozibali mazkur strategik gʻoya oʻzining ulugʻvorligi, milliy yuksalish barcha jabhalarda qanday umumiy maqsadni koʻzlamogʻi zarurligini koʻrsatadi. Amalda davlat rahbari taraqqiyotning hozirgi bosqichida Oʻzbekiston milliy gʻoyasining yangi va aniqlashtirilgan mazmunini ifodaladi.

Uchinchi Renessans gʻoyasini, avvalo, jamiyatimiz chuqur anglab olmogʻi kerak. Har jabhada, sohada qiladigan ishlarimiz, rejayu istiqbol dasturlarimiz, taʼlim-tarbiya va kadrlar siyosati, investitsion siyosat — barchasi unga sharoit va muhit yaratishga qaratilmogʻi lozim.

Renessans nima? Nega Uchinchi Renessans deyilmoqda?

“Renessans” lugʻaviy fransuzcha “qayta tugʻilish” degan maʼnoni anglatadi. Atama sifatida uning mazmuni ancha keng: madaniyatda, ilm-fanda, sanʼatda, taʼlim-tarbiyada, umuman, jamiyat hayotida uzoq muddatli turgʻunlikdan keyin qayta jonlanib, tez rivojlanishni, ijtimoiy ong va qadriyatlar tizimi yangi sifat bosqichiga chiqishini bildiradi. Ilk bor atama Yevropada oʻrta asrlar mutaassibligidan keyin 15-16 asrlardagi rivojlanish davriga nisbatan qoʻllanilgan. Renessans atalmish mazkur ijtimoiy hodisa oʻzbek tiliga Uygʻonish davri deb oʻgirilgan.

Avstriyalik atoqli sharqshunos Adam Mesning 1909-yilda “Musulmon Renessansi” nomli fundamental asari chop etilgan. Shundan buyon Renessans faqat Yevropaga oid hodisa emasligi, uni Sharq xalqlari yevropaliklarga nisbatan avvalroq boshdan kechirgani toʻgʻrisidagi qarashlar va tadqiqotlar paydo boʻla boshladi. Rossiyalik buyuk sharqshunos akademik N. N. Konrad Renessans VII — VIII asrlarda Xitoyda boshlanib, VIII asrda Hindistonda davom etgani, undan IX-XII asrlarda islom mamlakatlari estafetani qabul qilgani, moʻgʻul istilosi tufayli ancha pasayib qolgan yuksalish Amir Temur va temuriylar davrida yana qayta gurkurab oʻsganini taʼkidlaydi. U Oʻrta Sharq Uygʻonish davrini Alisher Navoiy zamonasigacha choʻzadi. Javoharlal Neru Boburni ham Renessansning tipik vakili, deb baholagan edi.

XV asrdan Renessans Yevropaga siljidi. Bu paytga kelib Yevropa 300 —350-yil davomida islom olimlari, jumladan, bizning buyuk ajdodlarimiz asarlarini, ayniqsa, Xorazmiy, Fargʻoniy va Ibn Sino asarlarini lotinchaga oʻgirib, chuqur oʻzlashtirib olgan edi. Yevropa Uygʻonishiga juda kuchli taʼsir koʻrsatganlardan biri Ibn Rushddir. Yevropa falsafasi va ilmiy tafakkurida XVI asr oʻrtalarigacha averroizm (Ibn Rushd taʼlimotiga asoslangan oqim) mavqeini saqlab turdi.

Afsuski, XVI asrning 30 — 40 yillarida bizda anʼanaviy jamiyat uzil-kesil qaror topdi. Ilmiy, badiiy izlanishlarga ijtimoiy ehtiyoj pasayib ketdi. Oʻtmish yutuqlari oldida qulluq qilish, ularni ideallashtirish va faqat takrorlashga urinish, yangiliklarga salbiy munosabat shakllandi. Asta-sekin chuqur turgʻunlik va inqiroz boshlandi. Ular noxush ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy-mafkuraviy, regional nizolar va ayirmachilik kabi sabablar bilan qoʻshilib qoloq boʻlib qolishimizga, XIX asr ikkinchi yarmida milliy mustaqilligimizni yoʻqotishga olib keldi. Oʻtmishdan birinchi boʻlib teran tarixiy xulosa chiqargan — jadid bobolarimiz edi. Ular taklif qilgan islohotlar millatni qayta uygʻotish, taraqqiyot tomon burishni koʻzladi. Ammo mustabid hokimiyat jadidlar harakatini avj olmasdan boʻgʻib qoʻydi.

Mustaqillikka erishgandan keyin dastlab chorak asr davomida milliy tiklanish bilan shugʻullanishga toʻgʻri keldi. Endilikda milliy tiklanishdan milliy yuksalishga oʻtganimizdan keyin, uchinchi Renessansga erishishni davlat rahbari strategik vazifa etib qoʻydi. Haqiqatan tarixan olganda biz ikki Renessansni boshdan kechirdik: birinchisi IX — XII asrlar, ikkinchisi XIV asr oxirgi choragi — XVI asr birinchi choragi. Birinchi Renessansda yurtimizdan Fargʻoniy, Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk daholar, buyuk muhaddislar — Buxoriy, Termiziy, mutakallimlar — Moturidiy va Abul Muin Nasafiy hamda boshqa atoqli dunyoviy va diniy allomalar shuuri olamni yoritdi.

Ikkinchi Renessansda — Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Behzod, buyuk meʼmorlar, bastakorlar, musavvirlar, tarixchilar chiqib, bugun ham dunyoni lol qoldirayotgan asarlar yaratdilar.

Har ikki Renessans davrida biz dunyoning ilgʻor, mutaraqqiy xalqlari qatorida edik. Agar yana shunday darajaga erishmoqchi boʻlsak, Uchinchi Renessansni amalga oshirmogʻimiz zarur.

Uchinchi Renessans milliy gʻoyaga aylanishi zarur

Milliy gʻoya aslida muayyan xalqning oliy istiqbol maqsadini bir necha soʻzlarda yoki iborada mujassam ifodalovchi tushunchalar yoki shior, iboradir. U xalqni oʻsha maqsad yoʻlida birlashtiradi, safarbar etadi. Xalq barcha saʼy-harakatlarini, intilishlarini, bunyodkorlik faoliyatini unga muvofiqlashtiradi. Zarur boʻlsa, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarini, mamlakatning huquqiy, siyosiy, mafkuraviy asoslarini, taʼlim-tarbiya tizimini chuqur isloh qiladi. Milliy gʻoyaning asosiy vazifalaridan biri, avvalo, xalqning jipsligini, birligini, mamlakatning hududiy yaxlitligini saqlash va mustahkamlashdir. Ikkinchidan, millatning oliy maqsadini, rivojlanish marralarini, moʻljallarini umumiy tarzda aniqlaydi. Milliy gʻoya turli iboralarda ifodalanishi mumkin. Lekin ifoda shaklidan qatʼi nazar, xalqqa istiqbolni, ijtimoiy moʻljalni koʻrsatishi shart.

Istiqlolga erishganimizdan keyin dastlabki yillarda “Oʻzbekiston — kelajagi buyuk davlat” shiori olgʻa surildi. U amalda milliy gʻoya vazifasini oʻtadi va xalqni birlashtirishda, safarbar etishda katta rol oʻynadi. Mazkur jozibali shiorda urgʻu jamiyatga emas, davlatga berilgandi. Keyinchalik milliy gʻoya shaklan takomillashtirilganda “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” iborasi olgʻa surildi. Unda urgʻu siyosiy tashkilotga (davlatga) emas, balki har kishi uchun, siyosiy, mafkuraviy qarashlaridan qatʼi nazar, birdek aziz Vatanga hamda shaxs va jamiyat hech qachon befarq boʻlmaydigan erkinlikka va farovonlikka qoʻyildi. Milliy gʻoyaning bunday tushunchaviy ifodasi ancha mukammallik kasb etdi.

Ammo uning mazmunini, uni amalga oshirish vazifalarini ochib berishga yetarlicha masʼuliyat bilan yondashilmadi. Ayniqsa, u islohotlarning yoʻnalishlari, sohalari, turli bosqichlari, amaldagi va ehtimoldagi muammolari bilan bogʻlanmadi. Natijada u mafkuraviy chaqiriq, quruq shior darajasida qolib ketdi. Aniq muammolar va vazifalardan yiroqligi uchun odamlarga taʼsiri asta-sekin susaya boshladi.

Katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olingan “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” bugun iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotimizga real taʼsir koʻrsatayotirmi, degan savolga aniq javob berish ancha mushkul. Milliy gʻoyani jonlantirish uchun uni Uchinchi Renessans gʻoyasi bilan boyitish zarur. Faqat Uchinchi Renessansni amalga oshirib, biz ozod va obod Vatanda erkin va farovon hayotni barpo eta olamiz. Yoki, yana qulayrogʻi, Uchinchi Renessansga erishishni milliy gʻoyaning yangi ifodasi, deb eʼlon qilish maqsadga muvofiq.

Milliy gʻoya joriy vazifalarni emas, balki strategik oliy maqsadni ifodalaydi. Shu maʼnoda Uchinchi Renessans gʻoyasi istiqbolga intilishga juda mos keladi. Mazkur gʻoyaning safarbarlik kuchi, umuman, mafkuraviy salohiyati juda yuqori. Ayni chogʻda oʻtmish tariximizning shonli sahifalari, buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik va ijodkorlik salohiyati bilan bogʻlanadi. Bizga mazkur tushuncha kimlarning vorislari ekanimizni eslatib turadi. Yangi Renessans yoʻlida xalqimiz turli mayda, vaqtinchalik masalalarga, guruhbozlik, mahalliychilik, ayirmachilik, mafkuraviy mutaassiblikning har xil koʻrinishlariga chalgʻimasligi kerak. Tarix saboqlarini unutishga haqqimiz yoʻq.

Uchinchi Renessans gʻoyasi milliy ruhiyatimizga, xalqimiz armon-orzusiga yaqin. Zotan, xalq ilgari oqqan daryosi yana oqishini astoydil istaydi.

Uchinchi Renessans gʻoyasini hayotiy va taʼsirchan milliy gʻoyaga aylantirishni nimadan boshlamoq kerak?

Holva degan bilan ogʻiz chuchimaganidek, Renessans degan bilan u sodir boʻlib qolmaydi. Buning uchun har tomonlama puxta oʻylangan siyosat olib borilishi, xalqda ruhiy koʻtarilish, qatʼiy irodali intilish yuz bermogʻi zarur.

Avvalo, tushuncha mazmunini aniq ochib berish, aholining barcha qatlamlari, avvalo, yoshlar ongiga yetkazish kerak. Oʻtmish renessanslari davrida ajdodlarimiz nimalarga erishganini, jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini, boshqa xalqlar, mintaqalar yutuqlari bilan taqqoslab, jahonning yetakchi madaniyatlaridan, ilm-fani, sanʼati va adabiyotlaridan birini, ilgʻor ijtimoiy fikru qarashlarini yaratganini qisqa, loʻnda, dabdabali jumlalarsiz yoritish zarur.

Shuningdek, ularning inqiroz sabablari xolis tahlil etilmogʻi lozim. Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli Buyuk Ipak yoʻlining toʻxtab qolgani obyektiv sabablardan biri boʻlsa-da, ichki va tashqi nizolar, taxt talashlar, ayirmachilik va uch davlatga boʻlinib ketish, inson komilligi faqat insonning ichki dunyosiga qaratilib, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga yetarlicha eʼtibor bermaslik kabi subyektiv omillar inqirozni keltirib chiqargan asosiy sabablar edi. Tarixdan saboq olish, tegishli xulosa chiqarish uchun bular yoshlar, aholi ongiga yetkazilishi kerak. Biz koʻproq avvalgi uygʻonish davrlarimizning yutuqlarini faxr bilan eʼtirof etib, negadir ularning inqirozi sabablari haqida gapirishni unchalik xushlamaymiz.

Birinchi va ikkinchi renessanslarning tarixiy sharoiti va davri talablari, imkoniyatlarini haqqoniy baholab, Yangi Renessansning tarixiy sharoitlari va talablari mutlaqo oʻzgacha ekanini asoslash, dalillash maqsadga muvofiq.

Uchinchi Renessans toʻrtinchi sanoat inqilobi bilan muvoziy, bir vaqtda kechadi. Shu sababdan u, avvalo, texnologik inqilobni, yuksak rivojlangan raqamli smart (aqlli) iqtisodiyotni taqozo qiladi. Oʻz navbatida, raqamli, smart iqtisodiyotga oʻtish uchun ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avtomatlashtirish, robotlashtirish talab etiladi. Mazkur jarayon Oʻzbekistonda qanday bosqichlarda amalga oshirilishi, uning moddiy-moliyaviy, insoniy, ilmiy va ilmiy-texnologik taʼminoti boʻyicha istiqbolli aniq kompleks dasturlar yangi Renessans gʻoyasi bilan mafkuraviy jihatdan bogʻlanishi shart. Ilmiy, ilmiy-texnologik taʼminot taqozosidan kelib chiqib, taʼlim-tarbiya sohasining barcha boʻgʻinlari uzluksiz isloh etib borilishi kerak.

Avvalgi ikkala Renessans mustahkam maʼnaviy-mafkuraviy negizda, birinchi galda yuksak axloqiylik, adolat, ilmga tashnalik va bagʻrikenglik asosida yuz bergan. Islom halollik va toʻgʻrilikni, insof va adolatni, ilm va amaliy faollikni hamma narsadan ustun qoʻygan. “Ilm izlab Chinga boʻlsa-da, bor”, “Sendan harakat — mendan barakat”, “Bir soatlik adolat barcha insu jinslarning qirq kunlik ibodatidan ustun” va koʻplab shu kabi hadislar, naqllar ajdodlarimizning ijtimoiy moʻljaliga aylangan edi.

“Baytul hikma”da 40 dan ortiq tarjimonlar qadimgi yunon tilidan, 14 nafar tarjimon sanskrit tilidan, 4 nafar tarjimon Xitoy tilidan ilmiy, tibbiy va falsafiy asarlarni arabchaga oʻgirgan. Bundan tashqari, lotin, suryoniy, ibroniy tillardan tarjimonlar boʻlgan. Ilmiy haqiqat diniy mansublikdan ustun qoʻyilgan. Bu asar maʼjusiylarniki, bunisi kofirlarniki deb inkor qilinmagan. Ajdodlarimiz til oʻrganib, ilm ortidan dunyoni kezgan. Mahdudlik qobigʻiga oʻralib qolmagan, turgʻunlik, mahalliychilik ularga yot boʻlgan.

“Baytul hikma”, Xorazm Maʼmun Akademiyasi, umuman, islom olami olimlari faoliyati oʻsha davrdagi xalqaro ilmiy integratsiyaning eng yorqin namunasidir. Birinchi va ikkinchi renessanslarning maʼnaviy asoslarini va sabablarini hamda keyingi inqirozini chuqur oʻrganmasdan, biz Uchinchi Renessansni muvaffaqiyatli amalga oshira olmaymiz. Bugun ham bizga gʻoyaviy va ilmiy tolerantlik (bagʻrikenglik), ilmga, haqiqatga tashnalik, milliy mahdudlikni, gʻoyaviy mutaassiblikni tamomila inkor etish xos boʻlmogʻi lozim.

Yuqoridagilardan ayonlashmoqdaki, Uchinchi Renessans bizdan xalqaro hamjamiyatga ilm-fan, texnologiyalar, axborot, madaniyat va iqtisodiyot sohalarida yana-da chuqurroq integratsiya boʻlishini talab etadi. Ammo oʻzligimizni, tilimizni, milliy xususiyatlarimizni, maʼnaviyatimizni saqlab qolishimiz shart. Bu esa taʼlim-tarbiya tizimiga jiddiy eʼtibor qaratishni bildiradi.

Inson — Yangi Renessans ijodkoridir

Har bir jamiyat oʻziga zarur shaxsni tarbiyalaydi. Unga oʻz taraqqiyoti darajasi va tendensiyalaridan kelib chiqib axloqiy, eʼtiqodiy, kasbiy-professional, huquqiy va boshqa qator talablar qoʻyadi. Jamiyat taraqqiyotining pirovard maqsadi ham inson, uning farovon, erkin va xavfsiz turmush kechirishidir. Jamiyat talabiga toʻliq javob beradigan kishi turli davrlarda har xil atalgan. Yusuf Xos Hojib uni “tugal er”, Forobiy “fozil kishi”, tasavvuf namoyandalari “komil inson” deb ataganlar. “Har tomonlama rivojlangan shaxs”, “uygʻun rivojlangan shaxs” atamalari ham qoʻllanilgan.

Mustaqillikdan keyin biz shaxsga nisbatan “komil inson”, yosh avlodga nisbatan “barkamol avlod” atamalarini qoʻllay boshladik. Gap atamada emas. Qanday sifatni qoʻllamaylik, kelajak insonini tarbiyalashda biz, avvalo, jamiyat taraqqiyoti tendensiyalarini va ayni paytda milliy maʼnaviyatimiz xususiyatlarini hisobga olmogʻimiz lozim. Binobarin, sunʼiy intellekt va yuksak texnologiyalarga tayanadigan “toʻrtinchi sanoat inqilobi” insonga qoʻyadigan talablarini oldindan modellashtirishimiz va taʼlim-tarbiya tizimini ularga moslashtirishiz kerak.

Xuddi shunday milliy identligimizni saqlab qolish uchun ona tilimizni, tariximizni, adabiyotimiz va sanʼatimizni yetarlicha oʻrgatishning optimal yoʻllarini topmogʻimiz lozim. Urf-odatlarimiz ham takomillashtirilishi va zamonaviylashtirilishi juda zarur. Ijtimoiy ongda, odamlarning xatti-harakatlarida burilish yuz berishi, yangi ideallar va qadriyatlar qaror topmogʻi darkor.

Uchinchi Renessans gʻoyasini oʻqitish va keng jamoatchilik ongiga yetkazishda nihoyatda ehtiyotkor boʻlish, meʼyordan oshirib yubormaslik talab etiladi. Mafkuraviy ishlarda sovet davridan qolgan bir illat bor: har qanday gʻoya targʻibotini kampaniyabozlikka aylantiramiz.

Bilganni ham, bilmaganni ham ertayu kech tinimsiz gapirtiramiz, odamlarning meʼdasiga tegib qolganini sezmaymiz. Gʻoyaning mazmunini asta-sekin joʻnlashtiramiz, baʼzi jihatlarini esa beixtiyor soxtalashtirib qoʻyamiz.

Dialektika qonuniga binoan meʼyor buzilsa, har qanday jarayon oʻzining inkoriga aylanadi. Oddiy tilda bu “qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarish” deyiladi. 2000-yilda eʼlon qilingan milliy gʻoya ana shunday munosabatga uchradi. Shoshib uni taʼlimning barcha boʻgʻinlariga joriy qildik, lekin gʻoyaning ilmiy tadqiqotiga va asoslanishiga deyarli eʼtibor bermadik. Islohotlarning aniq vazifalari va sohalarning xususiyatlari bilan bogʻlab, jonli mazmun bagʻishlash xayolimizga kelmadi. Natijada u mafkurabozlik domiga tushib qoldi.

Uchinchi Renessans gʻoyasining oraliq bosqich vazifalari aniqlanishi kerak. Masalan, 2030-yilda, 2040 — 2050-yillarda biz aholi jon boshiga taxminan qancha yalpi ichki mahsulot ishlab chiqaramiz, jahon reytingida taxminan qanday oʻrinlarga koʻtarilamiz. Taʼlim, madaniyat, ilm-fan sohalarida qanday koʻrsatkichlarni, marralarni zabt etamiz. Ular boʻyicha moʻljallar belgilanishi lozim. Shunda mazkur gʻoyaning safarbarlik taʼsiri konkret va kuchli boʻladi. Ammo moʻljallar havoyi boʻlmasligi, konkret raqamlardan tashkil topmasligi kerak. Yangi AKT, nanotexnologiyalar, biotexnologiyalar, sunʼiy intellekt yaratish va shu kabi yoʻnalishlardagi vazifalar ham eʼtibordan chetda qolmasligi zarur.

Har qanday buyuk rejalar, buyuk gʻoyalar inson ehtiyojlari, turmushi yaxshilanishi, erkinligi ortishi va maʼnaviy kamoloti bilan bevosita bogʻlansagina, hayotiylik va reallik kasb etadi. Aks holda u havoyi orzu havasligicha qolib ketadi.

Prezidentimizning tabrik nutqida asosiy yoʻnalishlar va vazifalar belgilab berildi. Endi hammamiz, butun jamiyatimiz, ularni amalga oshirishga kirishmogʻimiz lozim.

Abdurahim ERKAYEV, 
Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?