Uch yuz pud yoki 3800 kilogramm bugʻdoyga sotilgan kitob

11:26 16 Noyabr 2020 Madaniyat
176 0

Oʻtmishimiz benihoya boy. Ibratomuz voqealardan ogoh boʻlmoq uchun unga bir qur nazar tashlashning oʻzi kifoya. Mana, Ahmad Donishni olib koʻring. 1826-yilda Buxoroda tugʻilgan bu inson zehni oʻtkir islohotchi, faylasuf,shoir, muhandis, astronom, pedagog, xullas, qomusiy olim sifatida tarixda qolgan. Xususan, «Navodirul-vaqoye» (“Nodir voqealar”) kitobi uning buyuk maʼrifatparvar ekanidan darak beradi.

Zero, bu kitobdagi olmos soʻzlar xuddi hozirgina bitilgandek , bugunning gapi boʻlib jaranglab turibdi. ”Oʻgʻillarim, sizlar xalqning hojatini chiqaradigan bir hunarning boshidan ushlanglar... Ilm olib, hunar orttirishda vatandoshlarning hojatlarini chiqarishni niyat qilinglar” deya yozadi u.  “Dunyoda zahmatsiz rohat, tashvishsiz neʼmat topilishi mumkin emas”, degan oʻlmas hikmat ham Donish tafakkurining mahsuli. Bunday soʻzlar vaqt va zamon oldida hech qachon eskirmaydi.

Xalq orasida Ahmad Maxdum, Ahmad kalla nomlari bilan ham tanilgan Donish yaxshigina rassom, ajoyib naqqosh, meʼmor boʻlgan. Tadqiqotchilarning bildirishlaricha, iqtidoriga tan bergan amir Nasrulloxon uni saroy bosh meʼmori vazifasiga tayinlagan. Goʻzal inshoot — Sitorai Mohi Xossaning bunyod etilishida Donish oʻz hissasini qoʻshgan.

Eʼtiborlisi, u mohir xattot sifatida ham tanilgan.Umar Xayyom, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Bedil va boshqa mutafakkirlarning maʼnaviy merosini qunt bilan oʻrgangan holda qoʻlyozma asarlardan nusxa koʻchirish hadisini olgan. Tabiiyki, mahorat bilan kitobaat qilingan asarning qadru qimmati yana-da oshgan. Bunga Sadriddin Ayniy shunday guvohlik beradi: “Men Ahmad Maxdum koʻchirib, rasm va lavhalar bilan bezagan bir “Yusuf va Zulayho” kitobining uch yuz pud bugʻdoyga sotilganini koʻrganman”.

Uch yuz pud degani bu 3800 kilogramm bugʻdoy ekanini inobatga olsak, oʻsha kezlarda kitobning qadru qimmati juda yuksak boʻlganini, kitobni eʼzozlash, uni eng yaqin doʻst deb bilish azal-azaldan qon-qonimizga singganini sezish qiyin emas.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?