Uch qavatli koʻprik qurilishi sabab bir qator avtobuslarning yoʻnalishi oʻzgartirildi

14:50 03 Oktyabr 2018 Jamiyat
2240 0

Toshkent shahrining eng gavjum chorrahalardan biri boʻlgan Maxtumquli, Temur Malik, Parkent koʻchalari va Ohangaron shossesi kesishgan nuqtada 3 pogʻonali koʻprik qurilishi ishlari olib borilayotgani munosabati bilan 3 oktyabr kunidan eʼtiboran yoʻlovchi transporti harakatiga vaqtinchalik oʻzgartirish kiritildi. Bu haqda “Xalq soʻzi“ muxbiri Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.

Unga koʻra, koʻprik qurilishi munosabati bilan 21, 23, 30, 44, 95, 110, 119, 129, 152 - avtobus yoʻnalishlari, 19m, 55m, 75m, 79m, 88m, 91m, 133m, 139m, 195m yoʻnalishli taksi (marshrutka) hamda 383, 366, 380 - shahar atrofi yoʻnalishida harakatlanuvchi jamoat transportlari mazkur hududni aylanib oʻtadi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda ilk marta qurilayotgan 3 qavatli yangi koʻprik yoʻldagi tirbandlikni kamaytirib, haydovchi va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlaydi. Koʻprikning Parkent koʻchasidan Ohangaron shossesiga oʻtuvchi qismida uzunligi 500 metrdan ziyod tunnel quriladi. Ikkinchi bosqichda Qorasuv dahasidan Maxtumquli koʻchasiga chiquvchi yoʻlning mazkur tunnel ustidan oʻtgan qismida aylanma koʻprik bunyod etiladi. Ikkala koʻprikning ustidan oʻtuvchi uchinchi qavat Maxtumquli va Temur Malik koʻchalarini tutashtiradi. Shuningdek, Toshkent mexanika zavodida ishlab chiqarilgan samolyotlarni olib chiqishga moʻljallangan yoʻl oʻtkazgich barpo etish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?