Uch oyda salkam 2 mlrd soʻm isteʼmolchiga undirib berildi. Xalqni qiynayotgan tashkilotlar qaysi?

16:56 19 Aprel 2019 Jamiyat
629 0

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga joriy yilning birinchi choragida isteʼmolchilardan jami 2645 ta murojaatlar kelib tushgan.

Mazkur ariza va shikoyatlarning 2336 tasi yaʼni, 88,3 % ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 1 783 698 838 (bir milliard yetti yuz sakson uch million olti yuz toʻqson sakkiz ming sakkiz yuz oʻttiz sakkiz) soʻm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi. Federatsiyaga isteʼmolchilardan tushgan 10 ta murojaat asosida isteʼmolchilarning manfaatlarini koʻzlab sud organlariga daʼvo arizalari kiritilishi va ijobiy hal etilishi natijasida 10 693 913 (oʻn million olti yuz toʻqson uch ming toʻqqiz yuz oʻn uch) soʻm moddiy va maʼnaviy zararlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Federatsiya va uning hududiy boʻlinmalariga fuqarolar tomonidan qilingan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda, isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlarning 694 tasi (26,2%) savdo sohasiga, 361 tasi (13,6%) gaz taʼminoti sohasiga, 471 tasi (17,8%) elektr taʼminoti sohasiga, 206 tasi (7,8%) suv taʼminoti sohasiga, 111 tasi (4,2%) kommunal xizmat sohasiga, 40 tasi (1,5%) sogʻliqni saqlash sohasiga,

146 tasi (5,5%) xizmat koʻrsatish (servis) sohasiga, 79 tasi (3,0%) transport sohasiga, 94 tasi (3,6%) aloqa (va internet) sohasiga, 219 tasi (8,3%) esa boshqa sohalarga toʻgʻri kelishini koʻrishimiz mumkin.

Federatsiya tizimida tashkil etilgan “Isteʼmolchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalariga fuqarolardan jami 2148 ta huquqiy maslahatlar soʻrab murojaatlar kelib tushgan va ushbu murojaatlarning 1053 tasi boʻyicha fuqarolarga qonun talablari yuzasidan tushuntirishlar, 129 ta murojaat yuzasidan davlat va nazorat qiluvchi organlarga, 26 ta murojaat yuzasidan esa sud organlariga murojaat qilish takliflari berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?