Uch kundan beri koronavirusga topshirgan testimning natijasini ololmayapman — deputat

21:20 12 Iyul 2020 Siyosat
938 0

Koronavirus pandemiyasi xatari allaqachon mamlakatimizga kirib keldi. Kimdir befarq, kimlardir oʻzini-oʻzi himoyalash uchun uydan chiqmaydi. Ammo davlatimiz, Prezidentimiz, mutasaddilar kunu tun shu xavf uchun kurashish yoʻllarini, davo choralarini topish maqsadida harakatdalar. Albatta, bu vaziyatda eng toʻgʻri yoʻl – uyda qolish!

Faoliyatimiz nuqtayi nazaridan xalq orasidamiz. Istaymizmi-yoʻqmi, turfa odamlar bilan muloqotda boʻlamiz. Demak, pandemiyaga qarshi tekshiruvdan oʻtish vaqt taqozosi biz uchun. Ammo...

Uch kundan beri sanitariya-epidemiologiya markazi shahar boʻlimiga qoʻngʻiroq qilib, Covid-19 uchun topshirgan testimning natijalarini ololmay halakman. Har safar Viloyat sanitariya-epidemiologiya markazidan javoblar hali kelmaganini roʻkach qilishaverganidan, ochigʻi, zada boʻldim. Viloyat “SES” rahbari esa “qizlar” (xodimlar)ga aytib qoʻyganini takrorlashdan, qizlar esa familiyamizni topisholmayotganini taʼkidlashdan, biz esa ular aytganidek, “Kerak boʻlsa kutasiz”, “Man bilmayman” degan mantiqsizgina javoblarni olishdan charchadik rosti...

Axir ayni vaziyatda mana shunday bahonalarga oʻrin bormi?! Aslida bugungi mashaqqatli va sinovli palla avvalgidan tezkorlikni, avvalgidan hushyorlikni, avvalgidan ogohlikni talab qilmayaptimi?! Bilmaslik, bilishni istamaslik, bilishga harakat qilmaslik, vaziyatni boshqarolmaslik, ish koʻlamining koʻpaygani bahona boʻla olmaydi! Insonlarning sogʻligi va hayoti oldida bizga allaqanday vajlarni roʻkach qilayotgan mutasaddining ish koʻlami koʻpaygani bahonasi toʻgʻrimi? U aytganday “moda” uchun emas, aslida zarurligi uchun test topshirgan insonlar uchun boshqaruvni qoʻlga olishi, egallab turgan lavozimiga tegishli boʻlgan axborotlarni bilishi shart!

Test natijalarini vaqtida ololmay oʻzboshimchalik bilan davolangan bemor sogʻligʻi va test natijalarini «kutiiiib» vaqtida davolana olmagan bemor hayoti uchun javobgarlikka shu qadar masʼuliyatsizlik bilan qaraladimi?

Shu oʻrinda koʻrganlarim, guvohi boʻlganlarim ayni kundagi sohaga aloqador bunday loqaydliklar hanuzgacha Sogʻliqni saqlash tizimining quyi boʻgʻinlarida urchib yotganiga achinaman. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, biz deputatlarning oʻrganishlari, muammolariga yechim topishlari bir yonu, befarqlik ildiziga bolta urolmayotganimiz bir yon boʻlayotgani afsuslanarli...

Ehtimol, quyi tizimlar faoliyatini yana-da chuqurroq tahlil qilish zarurmi?!..

Bu borada viloyat sanitariya-epidemiologiya markazidan rasmiy javob kutaman!

Madina Baratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?