U “Sian – Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha birinchi charter havo qatnovining ochilishiga bagʻishlandi 

18:07 28 Sentyabr 2019 Jamiyat
121 0

Joriy yil 27-sentyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasidagi Shensi provinsiyasining maʼmuriy markazi - Sian shahrida joylashgan “Syanyan” xalqaro aeroportida “Zhejiang long Airlines Co.Ltd” aviakompaniyasi tomonidan “Sian – Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha 1-charter havo qatnovining ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Shensi provinsiyasi xalq hukumatining rasmiylari, “Zhejiang long Airlines Co.Ltd” aviakompaniyasi va “Western Airport Group” aeroporti, Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi, Sian shahri rahbariyati va jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.

Ushbu havo qatnovining ochilishi yurtimizga kelayotgan xitoylik sayyohlar sonini yanada koʻpaytirish maqsadida Oʻzbekistonning XXRdagi elchixonasi va “Zhejiang long Airlines Co.Ltd” kompaniyasi tomonidan oʻzaro hamkorlikda olib borilgan izchil saʼy-harakatlarning amaliy natijasi boʻldi.

“Zhejiang long Airlines Co.Ltd” aviakompaniyasi direktorlar kengashi raisi Lyu Sixong tantanali marosimni ochar ekan, Xitoydan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimi borgan sari koʻpayib borayotganini alohida taʼkidladi. U Oʻzbekistonda mavjud boʻlgan boy va betakror sayyohlik imkoniyatlari Xitoyda faol targʻib etilayotgani, oʻzbeklar zaminidagi Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlar hamda ularning bagʻrida joylashgan dunyoga mashhur diqqatga sazovor maskanlar oʻz mamlakati sayohatchilari oʻrtasida tobora ommalashib borayotganini buning sabablari sifatida tilga oldi.

- 2018-yil noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan Turizm sohasidagi 1-xalqaro sarmoyaviy forum ishida Shensi provinsiyasi sayyohlik kompaniyalarining tarkibida “Zhejiang long Airlines Co.Ltd” kompaniyasi vakillari ham ishtirok etgan edi, - dedi u. – Oʻshanda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va boshqa qator idoralarda Xitoydan respublikaga sayohatchilar oqimini yanada oshirish, shu jumladan, ikki mamlakat oʻrtasida yangi havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan samarali muzokaralar oʻtkazilgan edi.

Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, 2011-yili tashkil topgan “Zhejiang long Airlines Co.Ltd” kompaniyasi ichki, tashqi va yuk aviatashuvlari huquqini beruvchi toʻlaqonli litsenziyaga ega. U A320 rusumli 44 ta yoʻlovchi tashuvchi hamda 3 ta V737 full rusumli yuk tashuvchi havo kemalariga ega. Mazkur samolyotlar 269 yoʻnalish boʻyicha, yaʼni nafaqat Xitoyning turli shaharlari, balki Yaponiya, Janubiy Koreya va Janubiy-sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlari boʻylab ham havo qatnovlarini amalga oshiradi.

Mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi rahbari B.Saidov tantanali marosim qatnashchilarini ushbu charter havo qatnovining ochilishi bilan qutlar ekan, bu ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar, shu jumladan, sayyohlik almashuvlarini yanada rivojlantirish yoʻnalishida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda olib borilgan faol saʼy-harakatlar natijasi boʻlganini qayd etdi.

Mamlakatimiz elchisi oʻz nutqida Oʻzbekistonda turizmni milliy iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, hududlarni jadal rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini oshirish, mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishni taʼminlovchi strategik tarmoqlardan biri sifatida rivojlantirish boʻyicha diqqatga sazovor chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga alohida toʻxtaldi.

- 2019-yilda Oʻzbekistonda turizm sohasi uchun juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlar, Oʻzbekiston Prezidentining Farmon va Qarorlari eʼlon qilindi, - dedi u. - Mamlakatimizda 2019-2025-yillarda turizm jabhasini rivojlantirish Konsepsiyasi ham tasdiqlandi. Unga koʻra, 2025-yilga qadar soha rivojlanishining asosiy yoʻnalishlari, bu yoʻnalishdagi aniq maqsadlar belgilab olindi. Oʻtgan davr mobaynida mazkur Konsepsiyani hayotga tadbiq etish yoʻlida eʼtiborga molik boʻlgan koʻp ishlar amalga oshirildi. Yaqinda, 12-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari uchun Oʻzbekistonga kirishda vizasiz rejimni tadbiq etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Mazkur hujjat ikki mamlakat oʻrtasida madaniy, ilm-fan, taʼlim almashuvlari, investitsion iqlimni yaxshilash va mamlakat turistik salohiyatini rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan Oʻzbekiston hamda Xitoy oʻrtasida xalqaro munosabatlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi. Ushbu Farmonga koʻra, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari Oʻzbekiston xalqaro aeroportlari orqali 7 kundan koʻp boʻlmagan muddatga Oʻzbekistonga vizasiz kirish tartibi belgilandi.

Darhaqiqat, Oʻzbekistonda viza rejimining liberallashtirilishi va sayyohlik jabhasini rivojlantirish uchun imtiyoz va preferensiyalar berilishi milliy turizm salohiyatini ichki va tashqi bozorlarda samarali targʻib qilish imkonini bermoqda.

Bundan tashqari, hozirgi paytda Oʻzbekistonning logistika jozibadorligini tubdan yaxshilashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, mahalliy aeroportlar orqali parvozlarga xorijiy aviakompaniyalarni jalb etish, Yevropa va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi, yoʻlovchilar soni va investitsiyalarni koʻpaytirish uchun respublikadagi transport aloqa tizimini tubdan yaxshilashga amaliy jihatdan yondoshilmoqda.

Maʼlumki, turistlar oqimini koʻpaytirish uchun havo parvozlarining strategik muhim yoʻnalishlarini aniqlash katta ahamiyatga ega. Shu bois yangi havo yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida xorijiy aviatashuvchilar uchun moslashuvchan chegirma va preferensiyalar tizimini ishlab chiqish, charter reyslarini tashkil etish mexanizmini soddalashtirish, ayrim aeroportlarda “Ochiq osmon” rejimini joriy etish boʻyicha jiddiy qadamlar tashlanayotir.

Yana bir muhim jihat: Shensi provinsiyasidan Toshkentga 1-charter havo qatnovining Sian shahridan Toshkentga yoʻl olishi ham ramziy maʼnoga egadir.

Tarixdan maʼlumki, jahonga mashhur Buyuk Ipak yoʻli aynan Sian shahridan boshlangan. Sian tarixda “Chanʼan” deb nomlangan. Ushbu shahar mamlakat tarixidagi oʻndan ziyod dinastiyalar hukmdorligi davrlarida Xitoyning poytaxti boʻlgan. Bugungi kunda ham Sian mamlakatda oʻzining alohida oʻrniga ega. U Xitoyning rivojlangan infratuzilmagan ega boʻlgan yirik sanoat va sayyohlik markazi hisoblanadi.

XXR Madaniyat va sayyohlik vazirligining joriy yil birinchi choragi maʼlumotlarida qayd etilishicha, 2018-yili 149,72 million nafar xitoylik sayyohlar xorijiy mamlakatlar boʻylab sayohat qilgan. Bu 2017-yilning shu davriga nisbatan 14,7 foizga koʻpdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?