U ringga koʻtarilganida jinoyatchilik darajasi keskin kamayadi, hatto terrorchilar garovga olinganlarni qoʻyib yuborishadi

09:50 22 Sentyabr 2020 Sport
477 0

Maʼlumot oʻrnida: Emmanuel Pakyao – Filippin fuqarosi. 1978-yilning 17-dekabrida tugʻilgan. Laqabi Pak Men.Chapaqay. Yarim oʻrta vazn bokschisi. 71 ta jang oʻtkazib, shuning 62 tasida gʻolib chiqqan.Hisobida 7 magʻlubiyat, 2 durang bor.8 vazn toifasida jahon chempioni boʻlishga erishgan dunyodagi yagona bokschi.2006, 2008, 2009-yillarda eng kuchli bokschi deb topilgan. ”Oʻn yillikning eng yaxshi bokschisi” deb eʼtirof etilgan. ”Ring” jurnali soʻroviga koʻra, vazn toifasidan qatʼiy nazar dunyoning eng kuchli “charm qoʻlqop” ustasi.Aktyor va siyosatchi sifatida ham tanilgan.

Pakyao Filippin uchun 1 – raqamli odam. U ringga koʻtarilganida koʻchalar huvillab qoladi, jinoyatchilik keskin kamayadi, hatto terrorchilar garovga olinganlarni qoʻyib yuborishadi. Bunaqasini dunyo dunyo boʻlib hali koʻrgan emas. Vaholonki, Pakyao kambagʻal, qashshoq bir oilada tugʻilgan.Keling, uning bolaligi qanday kechgani xususida toʻxtalaylik.

Menni oiladagi olti farzandning toʻrtinchisi sanaladi. Roʻzgʻorga nafi tegishi uchun bolaligidanoq ishlashiga toʻgʻri keldi.Onasi oʻgʻlining ruhoniy boʻlishini xohlardi. Ammo uning istagiga qarshi oʻlaroq bolakay boks bilan shugʻullana boshladi. Oʻy – xayoli boks bilan boʻlib, maktabga kechikkani uchun onasidan nuqul koyish eshitardi. Biroq oila haddan ziyod qashshoqligi sabab oʻqishdan voz kechishga majbur boʻldi.

Otasi ularni tashlab ketganida Menni 13 yoshda edi. Bolani non va suv sotish uchun koʻchaga chiqarishdi. U kunduzi ishlar, kechasi esa boks bilan shugʻullanardi.Ringda shunaqangi berilib kurashardiki, unga jon-jahdini berib mushtlashayotganini inobatga olib har bir jang uchun 100 peso ( taxminan 2 dollar) bera boshlashdi.100 peso 25 kilogramm gurunch sotib olishga yetardi. Buni koʻrgan onasi uning savdoni tashlashiga rozilik bildirdi.

14 yoshga kirganida bola onasidan yashirincha Manila shahriga bordi.Bora solib, oʻzining professional boks bilan shugʻullanish niyatida ekanidan onasiga xabar berdi.Biroq ringda jang oʻtkazish oʻrniga axlatxonada metall kesuvchi boʻlib ishlashiga toʻgʻri keldi.Boks bilan esa faqat kechqurunlari shugʻullandi. Mashgʻulot oʻtkaziladigan zal unga boshpana vazifasini ham oʻtadi. Chunki turarjoy uchun puli yoʻq edi.Taqdirni qarangki, oradan yillar oʻtib, Menni Pakyao oʻsha sport zalini sotib olib, u yerda oʻz maktabini ochadi.

Sport klub direktori salkam ikki yil oʻtib Pakyaoga boks teleshousida ishtirok etishi uchun imkon yaratib berdi va qahramonimiz darhol oʻzining qaynoqqon, yengilishni xush koʻrmas kurashchi ekani bilan nazarga tushdi. Osiyoda dastlabki yutuqlarni qoʻlga kiritgach, AQSHga yoʻl oldi.

Amerikada uni hech kim kutib turgan emasdi. Koʻplab murabbiylar filippinlik bu notanish bokschi bilan ishlashni xohlashmadi. Faqat Freddi Rouchgina bundan istisno. Bu murabbiy ham Pakyao haqida eshitmagandi. Lekin bokschi bilan bir necha daqiqa mashgʻulot oʻtkazgach, Rouch qarshisida boʻlgʻusi chempion turganini angladi. Mennining hayratomuz faoliyati shu tariqa boshlandi. U professional boksda shunaqangi janglar oʻtkazdiki, har birining tafsiloti xususida uzoq toʻxtalish mumkin. Raqiblari nomining oʻziyoq koʻp narsadan darak beradi: Marko- Antonio Barrera, Xuan Manuel Markes, Erik Morales, Devid Dias, Oskar De La Xoyya, Rikki Xatton, Migel Kotto, Sheyn Mosli, Timoti Bredli,Floyd Meyvezer. Professional boks muxlislariga bu nomlarning barchasi tanish. Ular nomini eshitganida har qanday bokschining oyogʻiga titroq kirishi tayin. Menni Pakyao va Floyd Meyvezer oʻrtasidagi mushtlashuvga “Asr jangi” deya taʼrif berilgani ham bejiz emas.

Shu oʻrinda uning 2008-yilda Oskar De La Xoyyaga qarshi kechgan bahsini eslashni lozim topdik. Oʻshanda qahramonimiz yarim oʻrta vaznda debyut jangini oʻtkazgandi. Tahlilchilar Oskar De La Xoyyaning hech bir muammosiz gʻalaba qozonishini bashorat qilishayotgandi. Biroq ular kutganidek boʻlmadi.Pakyao darhol tashabbusni qoʻliga oldi. U chaqqon harakat qilar, zarbalari ham aniq chiqardi. Raqibi uning yashin tezligidagi zarbalaridan himoyalanishga ulgura olmay qoldi. 7 va 8- raundlarga kelib Oskar De La Xoyya shunaqangi koʻp zarbalar oʻtkazib yubordiki, oqibatda chap koʻzi deyarli yopilib qoldi. 9-raund oldidan berilgan tanaffus chogʻida murabbiylari jangni davom ettirishni lozim topishmadi.

Pakyaoning oʻyin uslubi haqida alohida toʻxtalish lozim. Bu tezlik, aniq zarba berish, reaksiya, oyoqlar bilan ajoyib tarzda ishlash, fikrlashdir. Va albatta uning mashhur kombinatsiyasi, yaʼni raqib tomon yoʻllanadigan zarbalar seriyasini eslamaslik mumkin emas. Buni koʻplar toʻfonga qiyoslashadi. Toʻfon oldida bilasizki, jonning omon qolishi dargumondir.

Qahramonimiz kinoda ham oʻz mahoratini sinab koʻrdi. Bir necha filmda suratga tushdi. 2007-yildan buyon siyosatda ham joʻshqin faoliyat yuritib kelyapti. Filippin liberal partiyasi vakili.2010-yilda Kongress saylovlarida gʻolib chiqdi. Pakyao mamlakat quyi palatasidagi yakkayu yagona milliarder sanaladi. Uning boyligi 2014-yilda qariyb 38 million dollar deya baholangan. Vaholonki, bir paytlar oʻta kambagʻal oilada tarbiyalanayotganini sababli boks boʻyicha mamlakat terma jamoasi aʼzosi hisoblangan Pakyaoni Filippin hukumati oʻz qaramogʻiga olgan, uning turarjoyi va ovqatlanishi xarajatlarini toʻlab turgandi. Bir qashshoq oila farzandining mamlakatning eng mashhur hamda boy kishisiga aylanishi beixtiyor mutafakkir shoirimiz Gʻafur Gʻulomning oʻlmas misralarini yodimizga tushiradi: “Taqdirni qoʻl bilan yaratur odam, Gʻoyibdan kelajak baxt bir afsona!”

Pakyaoni jahon ahli oʻz fikriga ega inson sifatida ham yaxshi biladi.U sharqona urf – odatlarni qadrlaydi. 2016-yilda Menni «Agar biz birjinslilar oʻrtasidagi nikohni qoʻllab – quvvatlasak, demak, odamlar hayvondan ham battardir» deya bayonot berdi. Shunda unga tajovuz qilganlar uchradi. Nike kompaniyasi shu soʻzlari uchun hatto u bilan hamkorlikni toʻxtatib qoʻydi. Biroq Menni fikrida qatʼiy turdi.

Oʻz kelajagini qattiq mehnat, qiyinchiliklar, sabr-bardosh evaziga yaratgan qahramonimiz 2000-yilda uylangan. Uch oʻgʻil, ikki qizi bor. Darvoqe, u 2019-yilning 20-iyulida Kit Turmanga qarshi ringga koʻtarilib, navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Shu jangdan soʻng yarim oʻrta vaznda jahon chempionligiga erishgan yoshi eng katta bokschi sifatida ham tarixga kirdi. Bu paytda u qirq yarim yoshda edi.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?