U  qishloqdoshlari toʻplab bergan pul evaziga poytaxtga borgan. Hozir esa jahonning eng kuchli futbolchilaridan biri

09:55 30 Sentyabr 2020 Sport
793 0

Endi yurtdoshlarining yaxshiliklariga yuz hissa oshigʻi bilan javob qaytarmoqda. 

U 1992-yilda Senegalda tugʻilgan. Bolaligi Bombali degan kichik qishloqda kechdi. Oiladagi toʻqqiz jon torgina uyda yashardi. Xonadon sohibi mahalliy masjidda imomlik qilar, topgani bu kattakon oila uchun urvoq ham boʻlmasdi. Shu boisdan ota farzandlari har birining oʻqib, roʻzgʻorga nafi tegadigan darajaga yetishini orzu qilardi.

Qahramonimizning oʻy-fikri esa futbolda edi. Kun boʻyi toʻp ortidan yugurar, televizor qarshisida professional futbolchilar ishtirokidagi oʻyinlarni kuzatib, oʻzini ular qatorida tasavvur etardi. 2002-yilgi jahon chempionatida Senegal terma jamoasining chorak finalga chiqishi uni “Futbol bilan jiddiy shugʻullanishim kerak”, degan qarorga olib keldi. Gap keyinchalik Sadio Mane nomi bilan dunyoga tanilgan futbolchi haqida bormoqda.

Ota-onasi Sadioning futbolga mehr qoʻyganini hazm qila olishmadi. Bola darslarga nomigagina qatnashgani yetmaganday, maktabni butunlay tashlashdan ham toymasdi. Uni oʻquv yilini tugatishga koʻndirishdi. Keyin esa qishloqdoshlar poytaxt Manilaga borishi uchun pul toʻplab Sadioning qoʻliga tutqazishdi.

«Jenerasyon Fut» futbol akademiyasiga qabul qilinish uchun avvalo koʻrikdan oʻtish lozim edi. Durustroq kiyimi va poyabzali boʻlmagani uchun Sadio koʻrikka dabdalasi chiqqan butsi va lozimda bordi. Tashqi koʻrinishi abgorligi sababli hamma undan koʻzini uzmasdi. Lekin bola murabbiylarda yaxshi taassurot qoldira oldi va koʻrikdan muvaffaqiyatli oʻtdi. Ikki yil Sadio uchun mashaqqatli mashgʻulotlar bilan kechdi. 2011-yilda Fransiyaning “Mets” klubi skautlarining kelishi uning hayotida burilish yasadi. ”Mets” vakillari Afrikada ishlab, kambagʻal oilalar farzandlarining katta sportga yoʻl olishlariga koʻmaklashishardi. Ular oʻshanda Sadioni oʻzlari uchun eng kambagʻal va eng talantli oʻyinchi sifatida kashf etishdi. Yigitcha 17 yoshida “Mets” yoshlar jamoasining asosiy toʻpurariga aylandi. 20 yoshida asosiy jamoaga qabul qilindi. Uyidagilar, bundan faqat togʻasi mustasno, uni Senegalda deb oʻylashar, Sadio Fransiyadan turib uyiga qoʻngʻiroq qilganida hatto ishonishmadi ham. Ammo “Mets” ishtirokidagi oʻyinni televizordan koʻrishgach, uning hazillashmaganini anglashdi.

Fransiyada kechgan yarim yil Mane uchun yaxshigina maktab vazifasini oʻtadi. Yosh futbolchi bilan Avstriyaning «Red Bull» klubi rahbarlari qiziqib qolishdi. Natijada 4 million yevro evaziga u shu jamoa safiga oʻtdi va toʻrt yillik shartnoma tuzdi. Biroq mahalliy tilni bilmasligi, uydan yana-da uzoqlashgani bois muhitga koʻnika olmay yurdi. Shunda murabbiy Roger Shmidtning koʻmagi asqatdi. Dastlabki mavsumda Sadio 16 ta gol kiritishga ulgurdi. Keyingisida esa jamoaning asosiy toʻpurariga aylandi. 

Natijada Angliya klublari nazariga tushdi. Oʻziga xos poygada “Sautgempton”ning qoʻli baland keldi. Mane shu jamoa safiga qoʻshildi va 37 ta oʻyinda 11 ta gol kiritdi. Senegallik hujumchining shiddatli oʻyinini koʻrgan “Liverpul” uni oʻz tarkibida koʻrish uchun 40 million yevroning bahridan voz kechdi. 2016-yilning avgustida “Arsenal”ga qarshi debyut oʻyinini oʻtkazgan hujumchi oʻz hisobiga gol yozib qoʻydi.

Hozir u dunyoning eng kuchli hujumchilari qatorida turadi. Sadio juda katta tezlikka ega. Aldamchi harakatlar ustasi. Jismoniy jihatdan baquvvat. Charchoqni bilmaydi. Raqib darvozasi yaqinida paydo boʻlganida undan toʻpni olib qoʻyish oson emas. Umuman, “Liverpul”dagi Muhammad Saloh – Firminyo – Sadio Mane triosi jahonning istalgan jamoasi himoya chizigʻini yorib oʻtishga qodirdir. Bunda ajoyib taktik va futbolchilar koʻngliga yoʻl topishda tengi yoʻq murabbiy Yurgen Kloppning hissasi katta, albatta. Biz Manening Senegal terma jamoasi safida ham mazmunli futbol namoyish etayotganini taʼkidlash bilan cheklanmoqchimiz.

Yutuqlariga kelsak, ular oz emas. U «Red Bull» safida Avstriya chempioni, mamlakat Kubogi sohibi boʻldi. 2016/2017-yilgi mavsumda “Liverpul”ning yil oʻyinchisi deb topildi. Shu jamoa bilan 2018/2019-yilgi mavsumda Yevropa Chempionlar ligasi gʻolibi degan sharafli nomga muyassar boʻldi. 22 ta gol bilan Angliya premyer –ligasining eng kuchli toʻpurariga aylandi.

Shu kabi qator yutuqlarga erishganiga qaramay senegallik hujumchi kamtarligicha qolyapti. Insoniy fazilatlarini aytmaysizmi? U qimmatbaho mashinalarga, oʻzini koʻz – koʻz qiluvchi bazmlarga pul sarflamaydi. Daromadining bir qismini xayriya ishlariga ajratmoqda. Mane tuhfa qilgan pulga Senegalda maktab va shifoxonalar qurilyapti. Futbolchi qashshoq, kambagʻal sanalgan oʻnlab oilalarga oʻz hisobidan nafaqa bermoqda. Boshqacha aytganda, u yurtdoshlari oldidagi qarzini yuz, ehtimolki, ming karra ortigʻi bilan uzayapti. Bundan 12 yilcha muqaddam kiygani tuzuk butsisi ham boʻlmagan oʻspirinning shu darajaga yetishiga aql bovar qilmaydi. Lekin bu ayni haqiqatdir.

Maqolamiz yakunida esa Sadio Manening transfer narxi haqida qisqacha toʻxtalmoqchimiz. Germaniyaning obroʻli portallaridan biri bergan maʼlumotga koʻra, 2012-yilning yozida uning bahosi 500 ming yevro edi. Oradan bir yil oʻtib, 3 million yevroga yetdi. 2020-yil yoziga kelib esa Manening transfer narxi 150 million yevroga koʻtarildi. Boshqacha aytganda, qay bir klub uni “Liverpul”dan xarid qilmoqchi boʻlsa, shuncha pulning bahridan oʻtishi kerak. Qoyilmisiz!

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?