Tyumen davlat universitetida “Oʻzbek tili va adabiyoti markazi” tashkil etiladi

12:27 29 Oktyabr 2020 Jamiyat
115 0

Mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari Tyumen davlat universitetida boʻldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Safar davomida Tyumen davlat universitetining “Gyote kutubxonasi”da, mazkur oliy oʻquv yurti rektorining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Andrey Tolstikov va universitet professor-oʻqituvchilari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Andrey Tolstikov universitet faoliyati hamda ikki tomonlama hamkorlik borasida qisqacha maʼlumot berib, Tyumen davlat universitetida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar iqtidorini yuqori baholadi. Oʻzbekistonlik talabalar nafaqat bilim jihatidan, balki universitet madaniy va sport hayotida ham faol ekani qayd etildi.

—Joriy yilda Oʻzbekistondan 145 yosh talaba boʻlishga muvaffaq boʻldi, —dedi Andrey Tolstikov. — Bugungi kunda universitetda 43 davlatdan 1 ming 900 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Shundan 445 nafari oʻzbekistonlik. Bu Oʻzbekistonda oʻquv yurtimizga boʻlgan qiziqish yuqori ekanidan dalolat. Bugungi kunda dunyoda hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi bogʻliq vaziyatda Oʻzbekiston hukumati oʻz yoshlarini eʼtiborsiz qoldirmadi. Ular, oʻz navbatida, oliygohimiz talabasi boʻlgani uchun koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik uchun minnatdorlik bildiramiz. Men Bosh konsulxona tomonidan ilgari surilgan universitetda “Oʻzbek tili va adabiyoti markazi”ni tashkil etish taklifni qoʻllab-quvvatlayman.

Muloqot davomida Oʻzbekiston va Rossiya, jumladan, Tyumen bilan aloqalarni rivojlantirish boʻyicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni amalga oshirishda har ikki tomon birdek intilishi qayd etildi. Jumladan ilmiy, maʼrifiy hamkorlikning bugungi bosqichida Buxoro davlat universiteti bilan aloqalarni oʻrnatishga qiziqish bildirildi.

Uchrashuv doirasida besh jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi hamkor oliygoh mutasaddilariga sovgʻa sifatida topshirildi. Qomusning yaratilishi, undan koʻzlangan maqsad haqida ishtirokchilarga maʼlumot berildi. Universitet rahbariyati “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi oʻzbek tilini chuqur oʻrganayotgan olim va talabalar uchun ajoyib sovgʻa boʻlgani qayd etildi.

Muloqot soʻngida universitetda Tyumendagi oʻzbek diasporasi vakillarini jalb qilgan holda oʻzbek tilini keng targʻib qilish, Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, turizm salohiyati haqida maʼlumot beruvchi maxsus burchak tashkil etishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?