Turkiyalik talabalar oʻzbekistonlik yoshlar bilan qishloq xoʻjaligi sohasida tajriba almashdi

18:19 26 Avgust 2019 Jamiyat
137 0

TIKA tomonidan amalga oshirilayotgan “Tajriba almashinuvi dasturi” doirasida Turkiya Respublikasining yetakchi universitetlarida taʼlim olayotgan bir guruh yosh talabalar Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Ular tashrif davomida yurtimiz madaniyati, milliy anʼanalarimiz, oʻzbekistonlik yoshlar va ularning faoliyatlari, jumladan, qishloq xoʻjaligi bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab, Samarqand viloyatining Samarqand tumanida turkiyalik yosh talabalar, Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi va yosh fermerlar oʻrtasida tajriba almashish boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ikkala davlatning qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan soʻnggi innovatsion loyihalari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Ikki davlat yoshlari birgalikda olma va uzum mevalari hosilini yigʻib olishda qatnashdi.

26-avgust kuni esa turkiyalik talabalar Buxoro viloyatiga tashrif buyurishdi. Buxoro tumanida joylashgan “Property agro logistika” markazida oʻtkazilgan uchrashuvda turkiyalik talabalar, Oʻzbekiston yosh fermerlari Kengashi va Buxorolik yosh fermerlar ishtirok etib, unda ikkala davlatning qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan soʻnggi innovatsion loyihalari boʻyicha tajribalar almashildi.“Property agro logistika” markazining rahbari E.Qoʻshayev tomonidan urugʻlikka yetishtirilayotgan bodring koʻchatlarini toʻgʻri ekish boʻyicha mahorat darsi ham tashkil etildi.

—Markazimizning jami yer maydoni 40 gektarni tashkil etib, hozirgi kunda 10 dan ortiq hosil turlari yetishtirilib kelinmoqda. Yetishtirilgan hosillarni oʻzimiz qayta ishlab, 15 ta yangi turdagi muzlatgichlarga joylashtiramiz. 1 yil muddat saqlab, qishda sotuvga chiqaramiz, – deydi “Property agro logistika” markazining rahbari Ergash Qoʻshayev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?