Turkiya sogʻliqni saqlash vaziri “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi

12:12 03 Dekabr 2019 Jamiyat
97 0

Poytaxtimizda boʻlib oʻtayotgan “Salomatlik haftaligi” doirasida sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasida birinchi oʻzbek-turk biznes forumi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tadbirda qardosh mamlakat sogʻliqni saqlash sohasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya ishtirok etmoqda.

Ushbu tadbir doirasida Turkiya Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja har ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun mamlakatimiz Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanovning buyrugʻiga binoan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi rahbari Furqat Sanayev oʻzining telegram kanalida maʼlum qildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi tibbiy taʼlim va fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun u Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori unvoniga ham sazovor boʻldi.

Ayni paytda oʻzbek-turk biznes forumi doirasida qardosh mamlakat mutaxassislarining tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi qiziqarli taqdimotlari boʻlib oʻtmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?