Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston va BAAda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari ochiladi

18:13 27 Avgust 2019 Jamiyat
138 0

Illyustrativ foto

2020-2021-yillarda Istanbul, Nur-Sulton va Dubay hamda Rossiyaning Yekaterinburg, Novosibirsk, Volgograd, Pyatigorsk shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari ochiladi. Bu 23-avgust kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarorida belgilab qoʻyildi.

2020-yil 1-yanvariga qadar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi kasb-hunarga oʻqitish markazlari tizimida xorijga ishga ketayotgan fuqarolar uchun safar oldi xabardorlik markazlari tashkil etiladi. Ularda chet el mehnat bozorida talabgir boʻlgan mutaxassisliklar va xorij tillari boʻyicha qisqa muddatli oʻqitish, qayta oʻqitish va malaka oshirish, shuningdek, ishga ketayotganlarning professional kompetensiyasini sinovdan oʻtkazish va tasdiqlash jarayonlari olib boriladi.

Bundan tashqari, RF hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar(patent) tayyorlash hamda topshirish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatishga vakolatli boʻlgan Rossiya organlari hamda tashkilotlari filiallarini Oʻzbekistonda ochish koʻzda tutilgan. Binobarin, 2020-yil 1-martgacha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Rossiyadagi qator hududlar bilan muzokaralar olib borish topshirigʻi berildi.

Endilikda Agentlik huzuridagi ixtisoslashtirilgan kassalarda xorij aviatsiya, temir yoʻl va avtomobil tashuvchilari chiptalarini sotishga ruxsat berildi.

Mehnat migrantlari ish uchun patent va boshqa ruxsatnoma hujjatlari berilishi rad etilishi, transport hamda xorijga ishga joylashish uchun boshqa xarajatlar toʻloviga berilgan kreditlarning qaytarilmasligidan sugʻurtalanadi. Ular, shuningdek, Oʻzbekiston hududida koʻngilli sugʻurta polislarini rasmiylashtirishlari mumkin.

Yaqinda Prezident tomonidan “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila aʼzolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari toʻgʻrisida” Farmoni qabul qilingani haqida xabar bergandik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?