“Turkiya oʻzbekistonlik jurnalistlar va fotorassomlar nigohida”

16:43 12 Aprel 2019 Madaniyat
473 0

Bugun Toshkent Fotosuratlar uyida Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati tomonidan “Turkiya oʻzbekistonlik jurnalist va fotorassomlar nigohida” mavzuida fotokoʻrgazma ochildi.

Fotokoʻrgazmani oʻtkazishdan asosiy maqsad — xalqimizni turk madaniyati, urf-odatlari, marosimlari va meʼmorchilik anʼanalari bilan yaqinroq tanishtirish va davlatlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni kuchaytirishdan iborat.

Turkiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi oʻtgan ikki yil mobaynida 30 ga yaqin oʻzbek jurnalistlarining Turkiyada tashkil qilingan turli tadbirlarda ishtirok etishlariga koʻmaklashdi. Ijodkorlar Turkiyaning shahar va qishloqlarida boʻlib, turk xalqining yashash tarzi, tabiati, meʼmorchiligi haqida bir-biridan qiziqarli fotosuratlarni muhrlashdi. Koʻrgazma uchun ular tomonidan 500 ga yaqin surat taqdim qilinib, saralash jarayonida jurnalist nigohi qaratilgan obyektning dolzarbligi, mavzuning ahamiyati va asarning texnik sifatiga eʼtibor berildi.

Tursunali Qoʻziyev, Farhod Qurbonboyev, Husniddin Ato, Abduvali Saybnazarov, Anora Sodiqova, Baxtiyor Nasimov, Davronbek Tojialiyev, Elmurod Ermatov, Hojimurod Otaqulov, Hotam Mamadaliyev, Muhammad Ismoil, Muhammadjon Gʻaniyev, Sharofiddin Toʻlaganov, Shavkat Ortiqov, Sherali Avezmatov, Toʻlqin Eshbek kabi oʻz kasbining mohir ustalari boʻlgan jurnalistlarning asarlari oʻzbekistonlik fotosurat ishqibozlarini befarq qoldirmaydi.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, koʻrgazmaga qoʻyilgan fotosuratlar ikki davlat oʻrtasida tobora mustahkamlanib borayotgan madaniy-maʼrifiy aloqalarning amaliy natijasi hisoblanadi.

“Turkiya oʻzbekistonlik jurnalist va fotorassomlar nigohida” fotokoʻrgazmasi shu yilning 14 apreliga qadar davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?