Turkiya elchisi oʻzbek tilini qanday va nima uchun oʻrganganligini aytdi

11:13 23 Oktyabr 2018 Jamiyat
1361 0

Yurtdoshlarimiz Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmed Bashar Shenning turli tadbirlarda, ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berish jarayonida sof oʻzbekcha ravon soʻzlashiga katta hurmat bilan qaraydi. Uning davlatimiz tilini qanday oʻrganganligi bilan qiziqdik.

— Anadoʻlu turkchasi va oʻzbek tili bundan taxminan 900 yil avval bir-biridan ajratilgan ikki qardosh tildir. Ularning til mantigʻi, soʻzlar tizilishi bugungi kunda ham katta tafovut qilmaydi, desam adashmayman. Shu bois xalqlarimiz bir-birining tilini tushunishi va oʻrganishi juda oson.

Men ham Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida oʻzbek tili filologiyasi boʻyicha ilmiy ish yoqlagan, benihoya qobiliyatli va yetuk oʻqituvchidan 25-30 ta dars olib, oʻzbek tilini juda qisqa muddatda oʻrgana oldim. “Oʻtgan kunlar”, “Shum bola” kabi mumtoz oʻzbek badiiy filmlarini tomosha qilib, Erkin Vohidov, Abdulla Qodiriy va Alisher Navoiyning (bugungi oʻzbek tiliga oʻgirilgan holatdagi) asarlarini oʻqib, maʼlumot doiramni kengaytirishga intildim.

Oʻzbek tili men uchun, avvalo, qardoshimning tilidir. Til esa butun madaniyatning umurtqasi, tashuvchisi hisoblanadi. Oʻzbekistonda vazifa oʻtayotgan, bitta madaniy tomirlarni oʻrtoqlashgan qardosh davlatning elchisiman. Tillarimiz bitta onaning ikki farzandidek goʻyo. Dinimiz bir. Oʻzbek xalqini yanada yaxshiroq tushunish, qardoshimning dardiga sherik, quvonchidan sevinish uchun, birinchi navbatda, uning tilini mukammal oʻrganishni oʻzimning masʼuliyatim, deb bildim.

Oʻzbek xalqi asrlardan buyon taraqqiy etgan, oʻz atrofiga ziyo nurini taratgan, bugun ham mintaqada yulduz misoli porlagan qadim, rango-rang, nafis madaniyatga ega. Oʻsha madaniyatga yaqinlashish, yanada teran tushunish va undan bahra olish imkoniga men oʻzbek tilini oʻrganish orqali erishdim.

Shu bilan birga, Turkiyada koʻplab oʻzbeklar yashaydi va ular bilan mamlakatimizning har joyida uchrashib qolishim mumkin. Ularni uchratganimda oʻzbekcha salomlashib, soʻrashganimda yuzlaridagi tabassumni koʻrish men uchun naqadar bebaho tuygʻu ekanligini taʼkidlashni xohlardim.

Dilshod KARIMOV yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?