“Turkiston” saroyida “Prezident archasi” bayram tadbirlari boshlandi (Fotoreportaj)

15:30 29 Dekabr 2018 Madaniyat
884 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

...“Turkiston” saroyi. Foye turfarang sharlar, zarlar bilan bezatilgan. Kamalakrang chiroqlar, yaltiroq oʻyinchoqlari bilan tovlanib nur sochayotgan muhtasham archa atrofida Qorbobo va Qorqiz, turli ertak qahramonlari bolajonlarni oʻyinga chorlaydi. Murgʻak qalblarning koʻzlari quvonchdan porlab, yuzlariga tabassum ingan. Oʻyin-kulgu avjida.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

— “Prezident archasi” oʻgʻil-qizlarimiz uchun bayramlar ichida eng zavqlisi, — deydi Toshkent shahridagi A. Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Xursanoy Xolova. — Shu bois, mazkur ayyomni oʻzgacha kayfiyat bilan qarshi olishadi. Davlatimiz rahbari tomonidan yuborilgan sovgʻa-salomlar bayram zavqini yanada oshirib, tarbiyalanuvchilarimizga olam-olam shodlik ulashadi. Yuksak mehr-muruvvatdan bahramand boʻlib ulgʻayayotgan yoshlardan kelgusida jamiyatning chinakam fidoyilari yetishib chiqishiga ishonchimiz komil.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, “Sen yolgʻiz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamgʻarmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan mazkur tadbirda ijtimoiy himoyaga muhtoj, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, kam taʼminlangan oilalar hamda Vatanimiz tinchligi va xavfsizligi yoʻlida qurbon boʻlgan ichki ishlar xodimlari va harbiy xizmatchilarning farzandlari qatnashdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

“Tomosha” bolalar ijodiy studiyasining kichkintoylari ishtirokida “Orzu qil!” nomli maxsus teatrlashtirilgan bayram dasturi namoyish etildi, sheʼrlar yangradi. Taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar, sirk ustalarining rang-barang chiqishlari, aqlni charxlovchi turli oʻyinlar, tez aytishlaru topishmoqlar bayramga yanada joʻshqinlik bagʻishladi. Turli ertak qahramonlari bolajonlarni ertaklarning sirli olamiga yetakladi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

— Qiziqarli sarguzashtlarga boy tomoshalardan bir olam taassurot oldik, — deydi poytaxtimizdagi 23-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Diana Soy. — Hazil-mutoyibalar avjiga chiqdi, oʻrtoqlarim bilan mazza qilib oʻynadik. Qorbobo va Qorqizga yod olgan sheʼrlarimni aytib berdim. Bunday unutilmas onlarni tuhfa qilgani uchun Yurtboshimizga rahmat aytaman!

Dastur davomida kichkintoylarga Prezident sovgʻalari ulashildi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Zayniddin Salohiddinov — Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 171-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi. Sportning suzish turiga qiziqadi, erishgan yutuqlari salmoqli. Bayram sovgʻalari barcha bolalar singari uning ham koʻnglini xushnud etdi. Tengqurlari bilan miriqib hordiq chiqarayotgan bu yigitni suhbatga tortdik.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

— Yaqinda maktabimizda ham Yangi yil bayrami oʻtkazilgan edi, — deydi u. — Lekin bu bayram menga koʻproq yoqdi. Prezidentimizning sovgʻasini oldim. Unda aʼlo baholarga oʻqishimda zarur boʻladigan oʻquv qurollari ham bor ekan. Bunday eʼzoz va gʻamxoʻrlikka kelgusida ham aʼlo baholarga oʻqib, oʻz ustimda koʻproq ishlashga, katta-katta muvaffaqiyatlarga erishish bilan javob qaytaraman.

Ayni paytda “Prezident archasi” tadbirlari mamlakatimizning barcha hududida koʻtarinkilik bilan oʻtkazilmoqda.
Muhammadjon AHMADJONOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?