Turkiston — Amerika uyushmasi prezidentiga davlatimizning “Doʻstlik” ordeni topshirildi

09:41 20 Dekabr 2018 Siyosat
310 0

Arxiv foto

2018 yilning 15 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi elchisi Javlon Vahobov Turkiston — Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xoʻjaga davlatimizning “Doʻstlik” ordenini tantanali ravishda topshirdi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 dekabr kuni Abdulla Xoʻjani milliy qadriyatlarimiz hamda anʼanalarimizni avaylash, AQSHdagi vatandoshlarimizni jipslashtirish, Oʻzbekiston va Amerika xalqlari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi fidokorona xizmatlari uchun “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlashga oid Farmonni imzolagan edi.

— Shuni faxr bilan taʼkidlamoqchimanki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev meni Oʻzbekistonning yuksak mukofoti — “Doʻstlik” ordeniga munosib deb topdi, — deya hayajon bilan fikr bildirdi Turkiston — Amerika uyushmasi rahbari. — Bu voqea men uchun yuksak sharafdir. Ushbu davlat mukofoti menga Oʻzbekistonimizning ravnaqi yoʻlidagi saʼy-harakatlarni bundan keyin ham yanada shijoat bilan ilgari surishdek ulkan masʼuliyat yuklaydi, aziz Vatanimizga qanchalik yaqin boʻlib turganimizning belgisidir. Bugungi kunda jonajon Oʻzbekistonimizda katta oʻzgarishlar va samarali islohotlarning guvohi boʻlib turibmiz. Uyushma aʼzolari nomidan ishontirib aytamanki, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli oʻzgarishlarni bundan keyin ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz, uning ravnaqi yoʻlida oʻz hissamizni qoʻshishda davom etamiz.

Abdulla Xoʻja Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan kunni Amerikadagi vatandoshlarimizning uzoq yillik orzusi ushalgan sana sifatida qabul qilganligini alohida taʼkidlab oʻtdi. U xorijdagi vatandoshlar bilan olib borilayotgan faol muloqot, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ogʻirini yengillashtirishga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlar uchun Oʻzbekiston rahbariga chuqur va samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Nyu-Jersi shtatining Dover shahrida Turkiston — Amerika uyushmasi tashkil etilganligiga 60 yil toʻlishi munosabati bilan 250 ga yaqin vatandoshlarimiz ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda nutq soʻzlagan elchi Javlon Vahobov ushbu uyushma prezidenti davlatimizning yuksak mukofoti — “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanganligi vatandoshlarimizga qaratilayotgan eʼtiborning yaqqol isboti ekanligini taʼkidladi va “Oʻzbekistonni jonajon Vatani deb bilgan, yurtini dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatorida koʻrish, bundan keyin ham jahondagi nufuzi va obroʻsi yanada yuksalishiga xayrixoh boʻlgan vatandoshlar bilan hamkorlik qilish” Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalarining muhim vazifalaridan biri boʻlib qolishini qayd etdi.

Aytish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahriga va joriy yilning may oyida AQSHga rasmiy tashrifi chogʻida Amerikada yashayotgan oʻzbekistonliklar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlari xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan munosabatlarning bugungi kunda davlat siyosatida oʻta muhim ahamiyat kasb etayotganligidan va Oʻzbekistonda xorijdagi vatandoshlarni jamiyat taraqqiyotining juda muhim manbai sifatida qaralayotganidan dalolat beradi.

Abdulla Xoʻjaning davlat mukofoti bilan taqdirlanishi AQSHdagi vatandoshlarimiz tashkilotlari rahbarlari tomonidan iliq kutib olindi. Xususan, Chikagodagi Oʻzbek — Amerika uyushmasi prezidenti Olim Sharipov Turkiston — Amerika uyushmasi binosida barcha Markaziy Osiyo davlatlari bayroqlarini koʻrib, juda ham xursand boʻlganligini taʼkidlar ekan, bu mintaqa xalqlarining bir-birlari bilan doʻstlashayotganligi va jipslashayotganligining ifodasi hamda Oʻzbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan siyosat bilan uygʻunligini qayd etdi.

— Yillar davomida Buxoro yahudiylari Kongressi Turkiston — Amerika uyushmasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda, — deydi Buxoro yahudiylari tomonidan asos solingan “The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov. — Abdulla Xoʻja faxr bilan “Doʻstlik” ordenini qabul qilishi kerak. Chunki u oʻz umrini Markaziy Osiyo xalqlari jipslashishiga bagʻishlagan, antisemitizm, islomofobiya kabi harakatlarga qarshi kurashib kelmoqda.

Turkiston — Amerika uyushmasi 1958 yili Filadelfiya shahrida AQSH va Kanada davlatlaridagi Markaziy osiyolik muhojirlarni birlashtirgan ilk va toʻlaqonli uyushmalardan biri sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda Turkiston — Amerika uyushmasi aʼzolarining 80 foizidan koʻprogʻi AQSH va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizdir. Uyushma prezidenti Abdulla Xoʻja AQSH fuqarosi, ota-onasi asli oʻzbekistonlik, XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasida yuz bergan siyosiy oʻzgarishlar tufayli avval Afgʻonistonga, soʻngra AQSHga koʻchib borishgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?