Turk sultoni, rus imperatori va Buyuk Britaniya bosh vaziri bilan koʻrishgan oʻzbek qozisi kim ekanligini bilasizmi?

10:41 12 Mart 2020 Lifestyle
1095 0

Tariximizda biz bilmagan qozilardan yana biri Said Yoqubxon toʻra Said Nizomiddin oʻgʻlidir. Said Yoqubxon toʻra 1823-yilda Toshkentda tugʻilgan, avval madrasada mudarris, keyin qozi va qozi-ul quzzot (qozilarning rahbari, Oliy sudya degan maʼnolarni bildiradi) lavozimlarida ishlagan, naqib unvoniga ega boʻlgan. Said Yoqubxon toʻra Qoʻqon xonligi va Yoqubbek Badavlatning “Yettishahar” davlati tarixida muhim oʻringa ega shaxs hisoblanadi.

Qoʻqon xonligi tarixida elchilikka tayinlangan nufuzli shaxslar, diniy egalari koʻplab uchraydi. Shu jumladan, dastlab Said Yoqubxon toʻra 1858-yili Qoʻqon xoni Mallaxonning turk sultoniga yuborilgan Mirzajon Afandi elchiligida kotib lavozimida Istanbulda boʻlganligi usmonli arxivlarda bayon etilgan.

1864-yil kuzida Qoʻqon xonligining nufuzli shaxslaridan biriga aylangan Said Yoqubxon toʻra Qoʻqon xonligi amirlashkari Mullo Aliqulining turk sultoniga yuborgan elchiligiga rahbar sifati tayinlanadi hamda 1865-yil aprel oylarida Xiva, Eron orqali Istanbulga yetib keladi. Toshkentning ruslar tomonidan 1865-yilda bosib olinishi va Qoʻqon xonligidagi vaziyat chigallashishi natijasida Said Yoqubxon toʻra Istanbulda 2 yilga yaqin qolib ketadi, 1867-yilda Orenburg orqali Qoʻqonga qaytib keladi.

Usmonli arxivining 1868-yilgi hujjatlari ichida “Qozikalon Sayid Yoqubxon Said Nizomiddin oʻgʻli” muhri bosilgan arznoma mavjud boʻlib, mazkur hujjatda Said Yoqubxon toʻra Qoʻqon xoni Xudoyorxon va Qashqar hukmdori Yoqubbek Badavlatlarga bosqinchilarga qarshi kurashda yordam berish soʻralgan, usmonli arxividagi boshqa hujjatda esa Qoʻqon xonligiga yuborilgan kiyim va qurol – aslahalar uchun usmonli gʻaznasidan mablagʻ ajratilganligini koʻrish mumkin.

1869-yilda Said Yoqubxon toʻra usmonli turk imperiyasi bosh vaziri Mehmed Rushdu poshshoning qabulida boʻladi, Yoqubbek Badavlatning Sharqiy Turkistondagi muvaffaqiyatlari haqida soʻzlab beradi hamda usmonli turk imperiyasining Yoqubbek Badavlatning “Yettishahar” davlatiga qiziqishini uygʻotadi. Natijada vaziyatni oʻrganish uchun usmonli gʻaznasidan ajratilgan mablagʻ evaziga Said Yoqubxon toʻra Misr, Hindiston orqali Qashqarga yuboriladi. Oʻrni kelganda aytib oʻtish joizki, Said Yoqubxon toʻra Yoqubbek Badavlatning uzoqroq qarindoshi boʻladi.

Yoqubbek Badavlatning 1872 – yilgi hamda 1875 – yilgi usmonli turk imperiyasiga yuborilgan elchiliklariga ham Said Yoqubxon toʻra rahbarlik qiladi. 1875 – yilgi elchilik yakunida Said Yoqubxon toʻra Qashqarga Sankt – Peterburg orqali qaytadi. Natijada 1876-yilda u Rossiya imperatori Aleksandr II, harbiy vazir D. Milyutin bilan hamsuhbat boʻladi.

1877-yilda Qashqardagi harbiy — siyosiy vaziyat ogʻirlashadi, natijada muammoni diplomatik yoʻllar bilan uchun Yoqubbek Badavlatning topshirigʻiga koʻra, Said Yoqubxon toʻra Hindiston, Istanbul orqali Londonga qarab yoʻlga chiqadi.

Xuddi oʻsha paytda Xitoy tashqi ishlar rezidenti Kuo Sung tao (ingliz manbalarida Kuo tsung tao) ham Londonga keladi. Natijada Said Yoqubxon toʻraning ingliz hukumati yordamida Xitoy qoʻshinining Sharqiy Turkistonga bostirib kirishini oldini olish boʻyicha muzokaralar boshlashiga imkoniyat tugʻiladi. Londonda Said Yoqubxon toʻra ser Duglas Forsayt va ser Tomas Uaydlar koʻmagida Buyuk Britaniya siyosiy elitasi bilan muzokaralar olib boradi. Jumladan, kelgusida 3 marotaba bosh vazir, 4 marotaba tashqi ishlar vaziri lavozimda ishlaydigan Robert Solsberi (oʻsha vaqtda Forin Ofisda Hindiston masalalariga masʼul) bilan koʻrishadi.

Muzokaralar 1877-yil 23-mayida boshlanadi. Said Yoqubxon toʻra oʻzining shaxsiy fazilatlari, chuqur bilimi va diplomatik tajribasi tufayli, muzokaralarga muvaffaqiyatlarga erishadi. Biroq, ser Tomas Uayd (oʻsha davrdagi Angliyaning Pekindagi masʼuli) qoʻllab-quvvatlovi va kafilligi ostida boshlangan ikki tomonlama hamda toʻgʻridan – toʻgʻri muzokaralar Xitoy qoʻshinlari “Yettishahar” davlatiga bostirib kirib, Turfon shahrini 16-may kuni bosib olganligi, Yoqubbek Badavlatning 1877-yil 25-may kuni vafot etganligi toʻgʻrisida 1877-yil 16-iyul kuni xabar kelgandan soʻng toʻxtatiladi.

Shunday qilib, Said Yoqubxon toʻraning soʻnggi elchiligi oʻz nihoyasiga yetadi. Said Yoqubxon toʻraning keyinchalik Kashmirda yashaganligi haqida ayrim rus manbalarida maʼlumotlar mavjud.

Xulosa qilib aytish mumkinki, aslida qozi boʻlsa ham, yurti uchun ogʻir vaziyatlarda Said Yoqubxon toʻra diplomatik faoliyatda katta muvaffaqiyatlarga erishgan, uning shaxsiy fazilatlari esa oʻsha davrning koʻpchilikning (N. P. Ignatyev, D. Milyutin, D. Forsayt va boshqalar) eʼtirofiga sabab boʻlgan hamda Said Yoqubxon toʻraning hayoti hali chuqur oʻrganishlarni talab etadi.

Mirkomil Mirmaqsudov,

Oʻzbekiston tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?