Turizm sohasidagi Eng yaxshi biznes gʻoyalar fabrikasi hamda Milliy taomlar va organik taomlar festivallari oʻtkaziladi

10:47 19 Avgust 2019 Jamiyat
85 0

Jahon turizm bozori yildan yilga rivojlanib, tezkor surʼatlar bilan oʻsib bormoqda. Bugungi kunda turizm sohasida qanday biznes-gʻoyalar muhim ekanligini bilmoqchimisiz? Turistik yoʻnalishda oʻz biznes rejangizni ishlab chiqmoqchimisiz? Oʻzbekistonda birinchi marta sayyohlik sohasidagi innovatsion yechimlarga ega hamda zamonaviy turistik mahsulotlar va xizmatlarni yaratish boʻyicha eng yaxshi biznes gʻoyalarni aniqlash maqsadida “Turizm sohasidagi biznes gʻoyalar fabrikasi” festivalini oʻtkazish rejalashtirilgan, deb xabar berdi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi. Ushbu tadbirning keng koʻlami festival ishtirokchilariga innovatsion startaplar bilan tanishish va professionallardan maslahat olish imkoniyatini beradi. Shuningdek, bu yil Oʻzbekistonda xalqaro darajada Milliy oshxona va organik yeguliklar (mevalar, sabzavotlar va poliz ekinlari) festivali boʻlib oʻtadi, tadbirdan maqsad – respublikaning gastronomik salohiyatini “Taste of Uzbekistan Festival” va “Organic Food Festival” brendi ostida targʻib qilish. Mazkur tadbir koʻp millatli mamlakatimizning ijtimoiy va madaniy mohiyatini oʻzida jamlagan hodisa boʻlishi kutilmoqda. Festival davomida ishtirokchilar milliy pazandachilik guruhlari bilan tanishishlari, taomlardan tatib koʻrishlari, mamlakatning yetakchi qandolatchilari tomonidan olib boriladigan mahorat darslarida qatnashishlari mumkin. Ushbu tadbir mamlakatga tashrif buyuradigan sayyohlar sonining koʻpayishiga yordam berib, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllantiradi, shuningdek, mamlakatimizning ulkan gastronomik salohiyatini ochib beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?