Turizm sohasida The New York Times bilan kelishuvga erishildi

14:16 12 Fevral 2019 Jamiyat
435 0

Illyustrativ foto

Nyu-Yorkda eng yirik va anʼanaviy “The New York Times Travel Show 2019” turizm koʻrgazmasi oʻz nihoyasiga yetdi. Unda dunyodagi 150 ta davlat qatorida Oʻzbekiston ham ishtirok etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Oʻzbek stendida diyorimizning madaniy-maʼnaviy, gastronomik, sogʻlomlashtirish, ekologik, shuningdek ziyorat turizmiga oid maʼlumotlar taqdim etildi. Ushbu pavilonga Oʻzbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy shahar meʼmorchiligi bilan tanishish, buyuk oʻzbek allomalari va mutafakkirlarining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi haqida yaqindan bilish maqsadida tashrif buyurishdi.

Yurtimiz vakillarining ushbu tadbirda ishtirok etishlari turizm jabhasida xorijlik sheriklar bilan ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish imkonini berdi. Xususan, The New-York Times nashri bilan NYT Journey brendi ostida Buyuk ipak yoʻli boʻylab jamoaviy turlar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tashrif buyuruvchilar Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligida Amerikalik fuqarolariga tezlashtirilgan holda elektron vizalar berish boʻyicha qulaylikka alohida eʼtibor qaratishdi.

AQSHning Clynice Travel & Tourism Consulting konsalting kompaniyasi boshligʻi Jorjett Jeyms turizmni tadqiq etish boʻyicha nufuzli “Mintel” kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati haqida maxsus maʼruza tayyorlashda ishtirok etganini gʻurur bilan aytib berdi. Oʻshanda unga Samarqand, Andijon, Buxoro kabi shaharlarga tashrif buyurish, xalqimizning tarixi, madaniyati va boy urf-odatlari, shuningdek, jadal rivojlanayotgan sayyohlik industriyasi bilan tanishish baxti nasib etganini taʼkidladi.

- Oʻzbekiston afsonaviy Buyuk ipak yoʻli yuragida joylashgan. Bu amerikalik turistlar uchun jozibali omildir, - deydi J.Jeyms. - New-York Times Journey mamlakatingizni 2019 yilda borish kerak boʻlgan 52 ta joydan biri sifatida tanladi. Bu yurtingizga boʻlgan qiziqish oʻsib borayotganini koʻrsatadi.

Qayd etish joiz, oʻzbek madaniyati va qadriyatlari AQSHda yanada mashhur boʻlib boryapti. Unexpected Designs turistik kompaniyasi prezidenti Doun Robbinsning soʻzlariga koʻra, yurtimizga qilgan oldingi safarlarida oʻzbek xalq amaliy sanʼati uni oʻziga maftun etgan. Bu uni AQSHda amerikaliklarga anʼanaviy oʻzbek hunarmandchiligini oʻrgatish boʻyicha xususiy faoliyatini yoʻlga qoʻyish sari ilhomlantirgan. Ushbu ishbilarmon ayol 2018 yilda Oʻzbekistonga ikki bor tashrif buyurgani hamda diyorimizga qayta va qayta kelish, u haqda barcha qiziqarli narsalarni bilishga ishtiyoqmand ekanligini bildirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?