Turizm sohasida faoliyat yurituvchi ichki ishlar organlari xodimlarining yangi formasi namunasi sinovdan oʻtkazilmoqda

18:44 10 Oktyabr 2020 Welcome to uzbekistan
261 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda turizm salohiyatini kengaytirish yoʻlida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizning tarixi bilan tanishib, uning diqqatga sazovor joylarini koʻrish, insonlarimiz bilan suhbat qurib, yangi doʻstlar orttirish niyatida uzoq davlatlardan kelgan mehmonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratish muhim vazifalardan hisoblanmoqda. Ichki ishlar organlarida ham bu yoʻnalishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Xususan, chet ellik turistlarning xavfsizligini taʼminlash, ular tashrif buyuradigan maskan, joylarda kerakli yordamlarni koʻrsatish boʻyicha maqsadli ishlar amalga oshirib kelinishi soʻzlarimiz dalilidir. Bu ishda esa, Bilamizki, tashqi koʻrinish muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan bu masala ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari diqqat eʼtiborida edi.

Mazkur soha xodimlarining yangi forma kiyim-boshlari boʻyicha namunalar loyihasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda yangi namunadagi forma tayyor boʻlib, Toshkent shahar va poytaxt viloyati xodimlarida sinovdan oʻtkazilmoqda. Bu haqda IIV Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi xabar berdi.

Forma kiyimini ishlab chiqishda avvalo koʻrinishiga ahamiyat qaratildi, shu bilan birga uning qulayligi, zamonaviy dizaynga ega ekanligi ham eʼtibordan chetda qolmadi, albatta. Bundan tashqari, boʻlinmalar xodimlari faoliyatining oʻziga xos jihatlari, mamlakatimiz hududidagi iqlim sharoitlari va zamonaviy talablar inobatga olindi.

Loyiha jarayonida xorijiy davlatlar tajribasi ham oʻrganilgan edi. Urinishlar natijasi oʻlaroq bugungi kunda yaratilib, xodimlar uchun taqdim etilgan forma kiyim-boshi mazkur yil davomida sinovdan oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?