Turizm industriyasini rivojlantirish Oʻzbekistonda 2,6 mln yangi ish oʻrinini yaratadi

17:29 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
203 0

Samarqand koʻplab jozibador turizm obyektlarga ega ekanligi va Oʻzbekistoning asosiy turizm shaharlaridan biri sifatida respublikaning tashrif qogʻoziga aylanib ulgurgan. Soʻnggi yillarda Samarqand viloyatiga taalluqli qator hujjatlar, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-2019-yillarda Samarqand viloyatida turizmni yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3609-sonli va “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorlari eʼlon qilindi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 30-iyundagi “2017 — 2019-yillarda Samarqand shahri va Samarqand viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinganligi turizmni yanada rivojlantirish orqali sayyohlar oqimini koʻpaytirish hamda aholini ish bilan taʼminlash imkonini beradi, bu esa, oʻz navbatida, Samarqand viloyati iqtisodiyotida turizmning rolini oshirish yoʻlida xizmat qiladi. Viloyatda turizm industriyasini rivojlantirishning navbatdagi bosqichi nafaqat Samarqand shahrida, balki butun hududda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan qator yangi reja va chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda qabul qilishni taqozo etadi. Joriy yilning 30-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatga muvofiq 2019-2022-yillarda Samarqand viloyatida turizm sohasini rivojlantirishning maqsadli parametrlari belgilandi. Misol uchun, 2019-yil natijalariga koʻra, mahalliy sayyohlar soni bir yilda 2,5 million kishini tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilga kelib ularning soni 3,5 millionga oshishi taxmin qilinmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Shu bilan birga, 2019-yil yakuniga koʻra, Oʻzbekistonga keluvchi xorijiy mehmonlar soni 509 ming kishini tashkil qilsa, 2022-yilga kelib bu koʻrsatkich 1,2 mln. nafarga yetishi kutilmoqda. 2019-yilda turizm industriyasini yaxshilash, yangi turizm obyektlarini yaratish, Samarqand viloyatida keluvchi sayyohlarning bu joyda qolish boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichini oshirish va turizm xizmatlarini monetizatsiya qilish kabi qator islohotlarni amalga oshirish hisobiga turizm xizmatlari eksporti 139 million AQSH dollaridan 558 million AQSH dollariga oʻsdi, 2022-yilga kelib esa bu qiymat 3 baravarga koʻpayishi koʻzda tutilgan. Turizmda sifatli transport xizmatlari va ravon yoʻllarning mavjudligi katta ahamiyatga ega. 

Shunday ekan, yuqorida qayd etilgan Hukumat qarori bilan Samarqand viloyatida 2021-yil oxiriga qadar turizm infratuzilmasini yaxshilashga yoʻnaltirilgan umumiy qiymati 100 mlrd. soʻmdan ortiq turistik yoʻnalishlar boʻyicha avtomobil yoʻllari va piyodalar koʻchalarini rekonstruksiya qilishga doir obyektlar roʻyxati tasdiqlandi. Bundan tashqari, mazkur hujjat bilan Samarqand viloyatida xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriluvchi maqsadli dastur va istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxati tasdiqlandi. Ushbu roʻyxatga yangi mehmonxonalar qurish yoki mavjud joylashuv vositalarining imkoniyatlarini oshirish, yangi ekoturizm va dam olish maskanlarini barpo etish, transport xizmatlari va turizm oqimining logistikasini yaxshilash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, tematik parklar va boshqa turistlar dam olishiga moʻljallangan yangi obyektlar kiritilgan. Umuman olganda, 2019-2022-yillar davomida qator islohotlarning amalga oshirilishi natijasida 2,6 million yangi ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda. Bunday obyektlarni yaratish va ular bilan loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish Samarqand viloyati, shu jumladan, Oʻzbekistonda turizm industriyasini tubdan yaxshilash imkonini beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?