“Tuproqqalʼa” arxeologik obidasida nimalar boʻlmoqda?

17:27 14 Mart 2019 Madaniyat
777 0

Illyustrativ foto

Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda “Tuproqqalʼa” arxeologik obidasida mahalliy hokimiyat tomonidan mardikorlar yordamida rekonstruksiya ishlari olib borilyapti, bu ishlardan Madaniyat vazirligi va mutasaddi tashkilotlar bexabar” qabilida gap-soʻzlar aylana boshladi. Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish mintaqaviy davlat inspeksiyasi boshligʻi Quanishbek Sharipovga murojaat etdik.

— Sizning ushbu murojaatingizni tinglab, kuni kecha Nukusda boʻlib oʻtgan bir tadbir yodimga tushdi, — deydi Q. Sharipov. — Men uni “Xabar” dasturi orqali koʻrdim. Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi muassisligida tashkil etilgan, tajribali hamda yosh jurnalistlar qatnashgan ushbu “Jamoatchilik bilan aloqalar: muammolar va olddagi vazifalar” deb nomlangan seminarda “...Jurnalist uyoq-buyoqdan eshitgan gapiga qarab emas, bevosita voqea ichiga borib, koʻrganiga tayanib yozishi kerak, afsuski, ayni paytda eshitganiga asoslanib yozilayotgan xabarlar koʻpayib bormoqda, oqibatda esa bu asl voqelikka toʻgʻri kelmay qolyapti”, degan oʻgit ham taʼkidlab oʻtildi. Demoqchi boʻlganim, siz aytayotgan gap ham asossiz xabarlardan kelib chiqqan.

Ellikqalʼa tumanida joylashgan “Tuproqqalʼa” arxeologik obyekti miloddan avvalgi III-II asrlarda qurilib, milodning IV-V asrlarida qayta tiklangan obidadir. Qalʼa Xorazmshohlar qarorgohi boʻlgan. 1938 yildan sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining Xorazm arxeologiya va etnografiya ilmiy safari xodimlari mazkur shahar oʻtmishiga oid masalalarni oʻrgana boshlagan.

Aytish joizki, qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularga doimiy eʼtibor qaratish mamlakatimiz siyosati darajasidagi masalalardan biri. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqqa muvofiq, “Tuproqqalʼa” yon-atrofida ochiq drenaj tizimi yaratildi. Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi qoshidagi “Meros Chashmasi” loyihalash kichik korxonasi tomonidan konservatsiya ishlarining smeta hamda loyihasi ishlab chiqilib, 2018 yilning sentyabridan “El-taʼmirlash” masʼuliyati cheklangan jamiyati obyektda konservatsiya ishlarini olib bordi. Bosh boshqarma boshligʻining oʻrinbosari X. Xolmurodov va “Meros Chashmasi” loyihalash kichik korxonasi direktori F. Davletov 2018 yil oktyabrida kelib, “Tuproqqalʼa”da olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, konservatsiya ishlarini davom ettirishni belgilab berishdi.

Bosh boshqarmaning 2019 yilgi restavratsiya, konservatsiya ishlari rejasiga kiritilgan “Tuproqqalʼa” arxeologik obyekti uchun joriy yilning I choragida 200 million soʻm mablagʻ ajratilib, “El-taʼmirlash” MCHJ 2019 yilning 5 martidan konservatsiya ishlarini davom ettirmoqda.

Bugungi kunda madaniy meros va arxeologik obyektlarni saqlash, ulardan foydalanish, turizmni rivojlantirish, qolaversa sayyohlarga sharoit yaratish uchun obyektlarda tezkor konservatsiya va obodonlashtirish ishlarini olib borish zarurati tugʻilyapti. Gap shundaki, sayyohlar “Tuproqqalʼa”ni devorlar ustida yurib tomosha qilishadi. Bu esa, devorlarga zarar keltirmoqda. Buning oldini olish maqsadida qalʼaning Gʻarbiy tomonidan zina va bir joyda turib kuzatish maydonchasi bunyod etildi. Bundan tashqari, qalʼaning ayrim yoʻqolib borayotgan devorlarida ham konservatsiya ishlari olib borilmoqda.

Hidoyat Ahmedov (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?