Tunu kun ishlaydigan bogʻcha

15:47 27 Avgust 2019 Jamiyat
179 0

Uchquduqda tunu kun ishlaydigan 160 oʻrinli nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi ochildi.

Davlat bilan sheriklikda tashkil etilgan ushbu muassasaga tadbirkor Munavvar Qoraboyeva asos soldi. Aslida u Toshkent Davlat pedagogika institutining maktabgacha taʼlim yoʻnalishini tamomlab, oliy maʼlumotli mutaxassis sanaladi.

Muassasa bunyodkorligiga bankning 2 milliard soʻmlik kredit va tadbirkorning esa 1 milliard soʻm oʻz mablagʻi yoʻnaltirildi. Unda yaratilgan sharoit va qulayliklar ota-onalarga manzur boʻlmoqda.

- Ikki nafar farzandim bor. Kechki smenaga ishga ketayotganimda besh yoshli va uch yoshli farzandlarimga qarovchi boʻlmagani sababli qoʻshnilarga tashlab ketishga majbur boʻlardim, - deydi Nargiza Roʻziyeva. – Albatta, bu men kabi onalarga ajoyib bayram sovgʻasi boʻldi.

“Porloq yulduzchalar” deb nomlangan ushbu muassasada taʼlim-tarbiya oʻzbek va rus tillarida olib boriladi. Shuningdek, ingliz va koreys tili toʻgaraklari hamda sportning kurash, karate, badiiy gimnastika va shaxmat-shashka turlari boʻyicha seksiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Sutkada 24 soat ishlaydigan muassasada haftaning shanba va yakshanba kunlarida navbatchi guruhlar tashkil etilgan. Maskan faoliyati tufayli 65 kishining bandligi taʼminlandi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?