Tuman prokuraturasi jurnalistga mahalla raisi tahdid qilib, dadasini doʻpposlashgani yuzasidan oʻrganish oʻtkazdi. Natija qanday?

17:37 08 Sentyabr 2020 Jamiyat
272 0

“Maqolam uchun mahalla raisi tahdid qildi, dadamni doʻpposlashdi” sarlavhali xabari Karmana tumani prokuraturasi tomonidan oʻrganildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, Karmana tumani “Bogʻishamol” mahallasi va homiylar tomonidan mazkur mahallada yashovchi S.Ilmurodovaga joriy yilning may-avgust oylarida oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy yordam puli berilgan.

1999-yilda Nurota tumanida tugʻilgan, “Jurnalistika” yoʻnalishi 2-bosqich talabasi M.Poʻlatova qoʻshnisi S.Ilmurodovadan unga haqiqatdan ham oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy yordam pullari berilgani, mahalla xodimlari tomonidan fotosuratga tushirilganligi haqida maʼlumot olgan va shu asosda 06.08.2020-yilda “Navoiy ziyosi” gazetasida “Efir uchun qilinayotgan ehsonlar” nomli maqolasi chop etilgan.

“Bogʻishamol” m.f.y. raisi M.Pardayev, oʻrinbosari H.Abdualimov bilan talaba M.Poʻlatova maqolada koʻrsatgan holatlarga aniqlik kiritish uchun 03.09.2020-yilda S.Ilmurodovaning yashash xonadoniga borib, u bilan suhbatlashayotganida M.Poʻlatova va otasi R.Pardayev hamda ushbu mahallada yashovchi fuqaro O.Mamatovalar ham suhbatga qoʻshilishgan.

Fuqaro S.Ilmurodova koʻrsatilgan moddiy yordamlar uchun hech qanday eʼtirozi yoʻqligini maʼlum qilgan. M.Pardayev talaba M.Poʻlatovaga maqoladagi holatlarni toʻliq oʻrganmasdan chop etganligini, bunday holatlarga mahallada yashovchi boshqa xolis fuqarolar ishtirokida aniqlik kiritilishi lozimligini maʼlum qilgan.

Oʻrganish davomida tumanning mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, talaba M.Poʻlatovaning gazetaga maqola chop etganligi uchun “Bogʻishamol” m.f.y. raisi M.Pardayev unga bosim oʻtkazganligi holati oʻz tasdigʻini topmagan.

Bundan tashqari, 04.09.2020-yilda M.Poʻlatovaning otasi R.Pardayev va yon qoʻshnisi I.Yadgarov, uning oʻgʻli A.Yadgarovlar oʻrtasida maqola yuzasidan kelib chiqqan janjalda ular bir-birlarini urib tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish oʻtkazilgan.

Natijada 07.09.2020-yilda I.Yadgarov va R.Pardayevlarga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 41, 52-moddalari, A.Yadgarovga MJtKning 52-moddasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilib, koʻrib chiqishlik uchun tuman maʼmuriy sudiga yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?