Tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnomani olishda ortiqcha ovoragarchiliklarga yoʻl qoʻyilmaydi

18:27 08 Noyabr 2018 Jamiyat
809 0

Toshkentda pilot loyiha ishga tushirildi — bola tugʻilganligi toʻgʻrisida guvohnomalar Davlat xizmatlari markazlarida “yagona darcha” prinsipi boʻyicha beriladi. 2019 yildan boshlab ushbu amaliyotni butun respublika boʻylab joriy etish rejalashtirilmoqda.

Ota-onalar hujjatni olish uchun yashash joyidagi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilsalar bas. Ilgari buning uchun bola tugʻilganligi fakti boʻyicha maʼlumotnoma olish uchun tugʻuruqxonada, FHDYO organlarida va gerb yigʻimini toʻlash uchun bankda navbat kutishiga toʻgʻri kelar edi.

Barcha zarur axborotlar tugʻuruqxonadan DXMga maxsus axborot tizimi orqali yuboriladi. Click, PayMe va boshqa toʻlov tizimlari orqali gerb yigʻimini toʻlash imkonini beruvchi onlayn-toʻlovni 2019 yil 1 yanvargacha joriy etish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, poytaxtdagi Davlat xizmatlari markazlarida tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar blankalarini kompyuter yordamida toʻldirish tartibi joriy etilmoqda. Axborot blankada bosib chiqarilgunga qadar ota-onada ism toʻgʻri yozilganligini tekshirish imkoni boʻladi. Bunday imkoniyat berilmaganligi sababli ham baʼzan bolaning ismi, otasining ismi va familiyasi xato yozilar, oqibatda u ana shu ism bilan bir umr yashashga yoki belgilangan tartibda uni oʻzgartirishga majbur boʻlar edi.

Shuningdek, keyingi yilda tugʻish yoshidagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikni kuzatish avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. U “FHDYOning yagona elektron arxivi” tizimi bilan birgalikda ishlaydi. Natijada bolalar tugʻilganligi dalillarini qayd etmaslik holatlariga barham berish koʻzlanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?