Tugʻilgan kunga olib kelingan “gazli” havo pufakchalari yorilib ketdi. Oqibatda bir kishi jarohat oldi

15:43 10 Aprel 2019 Jamiyat
362 0

Illyustrativ foto

Bugun soat 12:50da Mirzo-Ulugʻbek tumanida joylashgan uylardan birida tabiiy gaz bilan toʻldirilgan havo pufakchalari yorilib ketgan. Gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida 16 yoshli V.A. kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Roʻy bergan hodisa oʻrganilganda, shu narsa maʼlum boʻldiki, xonadonda 25 ta havo pufakchasi boʻlgan. Tugʻilgan kunni nishonlash paytida sham yoqilgan tort yaqinidagi tabiiy gaz bilan toʻldirilgan pufakcha yorilib ketgan. U yerdagi qizlarning aytishicha, havo pufakchalari internetda berilgan eʼlon orqali sotib olingan. Ayni paytda tekshiruv ishlari olib borilyapti.

Toshkent shahar IIBB havo pufakchalarini sotib olishda ehtiyot boʻlishga chaqirgan. Xarid qilingan pufakchalar geliy bilan toʻldirilganiga ishonch hosil qiling. Boshqa “yengil” gazlar uchqun olib, yongʻin keltirib chiqarishi mumkin. Havo pufakchalarini oldida chekmaslik kerak.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?