Tugatilayotgan fermer xoʻjaligining yerga qilgan xarajati qoplanadi

17:39 25 Avgust 2020 Iqtisodiyot
289 0

Hukumat qarori (501-son, 24.08.2020-y.) bilan Tugatilayotgan yoki maqbullashtirilayotgan fermer xoʻjaligi yoki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi boshqa subyektlarga ajratilgan yer maydonida sarflangan xarajatlar qiymatini hisoblash va qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Nizom bilan yer maydoniga sarflangan qaysi turdagi xarajatlar qoplab berilishi belgilandi.

Jumladan, koʻchatlar, manzarali daraxtlar, ularni parvarishlash, hududni obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlari, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish maqsadida bajarilgan agrotexnik tadbirlar uchun qilingan xarajatlar qoplab beriladi.

Qishloq xoʻjaligi tashkiloti ixtiyoriylik asosida tugatilayotganda yoki maqbullashtirilayotganda yerga sarflangan xarajatlarni aniqlash uchun fermerlar baholovchi tashkilotga murojaat qiladi.

Tugatish yoki maqbullashtirish hokimlik tomonidan amalga oshirilsa, tuman hokimligi baholovchiga murojaat qiladi.

Baholovchi tashkilot sarflangan xarajatlarni aniqlash uchun tegishli mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etishi mumkin.

Baholash qishloq xoʻjaligi tashkiloti tashabbusi asosida amalga oshirilganda, baholash natijalari tuman hokimligiga hisobot koʻrinishida taqdim qilinadi agar, hokimlik hisobotdan norozi boʻlsa hisobotning ishonchliligi yuzasidan ekspertiza oʻtkaziladi.

Hisobot boʻyicha eʼtiroz boʻlmasa yer maydoni tanlovga qoʻyiladi va talabgorlar qoplanishi lozim boʻlgan xarajatlar toʻgʻrisida xabardor qilinadi.

Talabgor tanlov gʻolibi deb eʼlon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida xarajatlarni toʻliq toʻlashi lozim.

Agar xarajatlarni qoplamasa, hokimlik keyingi kalendar kundan kechikmay gʻolibdan keyin eng yuqori ball toʻplagan talabgorga xarajatlarni qoplash toʻgʻrisida taklif yuboradi.

Ushbu talabgor 10 ish kunida xarajatlarni toʻlasa, u tanlov gʻolibi deb hisoblanadi va unga ushbu yer rasmiylashtiriladi.

Agar xarajatlar toʻlanmasa, tanlov oʻtkazilmagan deb hisoblanadi va yer maydoni keyingi tanlovga takroran qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?