Szyan Yan: Sindao sammiti SHHT rivoji uchun yangi istiqbollarni ochadi

11:17 07 Iyun 2018 Siyosat
310 0
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”

Szyan Yan, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

— Shu yilning 9-10 iyun kunlari Xitoyning Shandun provinsiyasi Sindao shahrida SHHT Davlat rahbarlari kengashining 18-majlisi bo‘lib o‘tadi. Tashkilotga asos solinganidan buyon o‘tgan vaqt ichida SHHT a’zolari “Shanxay ruhi”ga tayanib katta muvaffaqiyatlarga erishdilar.

Tuzilma faoliyatining mohiyatini belgilovchi xavfsizlik, taraqqiyot va hamkorlikning yangi konsepsiyalari barchani qoniqtiradigan, o‘zgacha xalqaro munosabatlar shakli bo‘lib, XXR Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan “Insoniyatning mushtarak taqdirlari hamjamiyati” qurish yo‘lidagi eng yaxshi vositalardan biriga aylanmoqda.

Agar SHHTni ulkan kemaga qiyoslasak, SHHT davlat rahbarlari Kengashi uning harakatlanishiga mas’ul kapitandek, go‘yo. Siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot hamda gumanitar sohadagi hamkorlik — bu kemaning to‘rtta qudratli “dvigateli”dir.

Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi tashabbusini ijobiy qarshi olgan SHHT a’zolari so‘nggi yillarda savdo, investitsiyalar, iqtisodiyot, texnologiyalar, telekommunikatsiyalar, agrar va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga erishdilar hamda bu sezilarli natijalar bermoqda.

Tashkilot ta’sis qilingan paytidan boshlab o‘z faoliyatini a’zo davlatlarning taraqqiy etishi uchun osoyishta muhitni shakllantirishga va shu asosda yanada kengroq rivojlanish maydonini yaratishga qaratib kelmoqda. SHHT doirasida kuchli ta’sirga ega bo‘lgan aksilterror mexanizm yaratildi, a’zo mamlakatlar unga tayangan holda, xavfsizlikka raxna solayotgan turli tahdidlarga yakdillik bilan keskin javob qaytarmoqdalar, terrorizm, ayirmachilik, ekstremizmga qarshi birgalikda kurashyaptilar.

SHHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi doimiy ishlovchi ikki organdan biri sifatida o‘z faoliyati mobaynida qator xalqaro huquqiy hujjatlarni ishlab chiqdi. Xavfsizlik yo‘lidagi hamkorlik jarayonini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam huquqiy asos hozirladi, a’zo davlatlarning birgalikdagi harakatlarini samarali tarzda muvofiqlashtirib bordi.

2017 yilgi Ostona sammitida SHHTning ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi tasdiqlandi. Mazkur hujjat jahonda shu yo‘nalishda qabul qilingan ilk konvensiyadir. Shuningdek, so‘nggi yillarda SHHTning bir qator aksilterror o‘quv-yig‘inlari hamda ushbu tahdidlarga qarshi qaratilgan birgalikdagi amaliyotlari a’zo davlatlarning bu boradagi harakatlarini o‘zaro uyg‘unlashtirdi.

Kuchlarni birlashtirish, bir-birining quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lish, tobora taraqqiy topib, eng muhim masalalarda bir yoqadan bosh chiqarish an’analariga sodiq qolgan SHHT so‘nggi 17 yil ichida o‘ziga xos “Mushtarak taqdirlar hamjamiyati”ni shakllantirdi. 2017 yilda Hindiston va Pokiston SHHTga rasman a’zo bo‘lib kirgach, nafaqat tashkilot tarkibi, balki hamkorlik uchun imkoniyatlar maydoni ham kengaydi.

Umid qilamizki, a’zo mamlakatlar, kuzatuvchi davlatlar hamda doimiy muloqotdagi hamkorlarimizning birgalikdagi intilishlari, qolaversa, xalqaro hamjamiyatning faol qo‘llab-quvvatlashi samarasida SHHT a’zolari birdamlik, tenglik va o‘zaro yordam ruhini saqlagan holda, oldinga qarab harakatlanishda davom etadi. O‘z shamolini tutib olgan SHHT kemasi yelkanlarini yoygancha to‘lqinlar uzra suzib, yangi manzillarni ochishi, shubhasiz.

2017 yil iyunda yangi a’zolar qo‘shilgan, doirasi kengaygan SHHTga birinchi bor raislik qilayotgan mamlakat sifatida Xitoy o‘z majburiyatlarini vijdonan bajarmoqda. A’zo mamlakatlar bilan yaqin hamkorlikda xalqaro ahamiyatga molik 160 dan ortiq anjumanlar o‘tkazildi. Bu tadbirlarda muhim natijalarga erishildi. Sindao sammiti raislik qiluvchi mamlakat sifatida Xitoy tomonidan amalga oshirilgan ishlarning eng avj nuqtasidir hamda u katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilib, SHHTning rivojlanish tarixida o‘ziga xos voqea bo‘lib qolishiga ishonchimiz komil.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?