Szin Yuylun: Savdo hajmi boʻyicha soʻnggi uch yilda Xitoy Oʻzbekistonda birinchilikni egallab turibdi

12:19 06 Dekabr 2018 Jamiyat
123 0

Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalari boʻyicha maslahatchisi Kanselyarisida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Elchi maslahatchisi Szin Yuylun xonim Oʻzbekiston-Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, Xitoyning tashqi savdo munosabatlari va Jahon savdo tashkilotining isloh qilinishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan maʼlumot berdi, deb yozmoqda OʻzA.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 26 yil boʻldi. Shundan beri har ikki mamlakat saʼy-harakatlari bilan ikki tomonlama aloqalar muntazam rivojlanib bormoqda.

2016 yil iyun oyida XXR Raisi Si Szinpinning Oʻzbekistonga tashrifi vaqtida ikki mamlakat rahbarlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi strategik hamkorlik bosqichiga olib chiqishga kelishib olishdi. Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil may oyida Xitoyga ilk davlat tashrifi hamda uning “Bir makon-bir yoʻl” xalqaro forumi sammiti, shuningdek shu yil Sindaoda boʻlib oʻtgan SHHT sammitidagi ishtiroki vaqtida ikki mamlakat rahbarlari Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarining kelajak rejalarini belgilab olishdi, “Bir makon-bir yoʻl” tashabbusi doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga, ikki tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirishga kelishib olindi. Ushbu omillar tufayli Oʻzbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy aloqalari muntazam rivojlanib bormoqda.

“Shu yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar ikki tomonlama savdo hajmi 5,028 milliard AQSH dollarini tashkil qildi va tarixiy rekord darajaga yetdi. Savdo hajmi boʻyicha soʻnggi uch yilda Xitoy Oʻzbekistonning hamkorlari orasida birinchilikni egallab turibdi. Oʻzbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 1 073 ta korxona va kompaniya faoliyat yuritadi. Kelajakda Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo hajmi yanada oshishiga umid qilaman”, - dedi elchi maslahatchisi.

Shundan soʻng Szin Yuylun xonim Xitoyning tashqi savdo aloqalari haqida toʻxtalib oʻtdi. Bu borada katta yutuqlar qayd qilinganini taʼkidlar ekan, shu yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar tashqi savdo hajmi 3,84 trillion AQSH dollarini tashkil qilgani qayd etildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan savdo aloqalari 16.1% ga oshganidan dalolat beradi.

Matbuot anjumanida Szin Yuylun xonim Jahon savdo tashkilotining isloh qilinishi jahon hamjamiyatining diqqat markazida turganligini taʼkidlab oʻtdi. Islohotlar har bir mamlakatning manfaatlarini eʼtiborga olgan holda koʻp tomonlama savdo tizimi qoidalarini mustahkamlash va global iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Shu yil 23 noyabr kuni Xitoy hukumati “Jahon savdo tashkilotini isloh qilish masalasida Xitoyning mavqeyi hujjati”ni ilgari surdi. Hujjatda Xitoy tashkilot islohoti borasida uchta asosiy prinsipni belgilab berdi va beshta taklifni ilgari surdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?