Sement importi tartibi soddalashtiriladi

10:29 24 Iyul 2020 Hujjatlar
132 0

“Sement importi tartibini soddalashtirish hamda ichki bozorni sifatli sement bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, respublikaga olib kiriladigan sementni erkin muomalaga chiqarishni soddalashtirilgan tartib asosida amalga oshirish amaliyoti qoʻllanadi.

Bunda, sement respublika hududiga olib kirilgunga qadar import qiluvchi tomonidan ixtiyoriylik asosida uning namunalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun sertifikatlashtirish organiga taqdim etiladi.

Mahsulotni erkin muomalaga chiqarish (“IM 40” rejimiga oʻtkazish) davlat bojxona xizmati organlari tomonidan tegishli muvofiqlik sertifikati asosida amalga oshiriladi (bojxona qonun hujjatlari xavfi belgilari aniqlangan holatlar bundan mustasno).

Har bir bojxona yuk deklaratsiyasi boʻyicha maʼlumot sertifikatlashtirish organiga “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali yuboriladi va sement erkin muomalaga chiqarilganda sertifikatlashtirish organi bilan import qiluvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma doirasida sementni xavf-xatarlarni tahlil qilish asosida davriy ravishda laboratoriya sinovlaridan oʻtkaziladi.

Qaror bilan sement mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda ichki bozorni sifatli sement bilan taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Unga koʻra, respublikada faoliyat yuritayotgan sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 2020-yil II yarmida 9 060,2 ming tonna (I yarim yilikka nisbatan 166% koʻp) sement ishlab chiqarishni taʼminlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, 2020-2021-yillarda 1 129 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish hisobiga sement ishlab chiqarish boʻyicha jami 18 ta loyihaning (2020-yilda 7 ta, 2021-yilda 11 ta) ishga tushirilishi belgilangan.

Qarorga muvofiq, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan sementni olib kirganlik, ichki bozorda sement mahsulotlarini chakana sotishda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun jarimalar qoʻllashni nazarda tutuvchi tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?