“Minor” masjidini qurgan qurilish kompaniyasi maqomi o‘zgardi

15:07 16 Iyul 2018 Hujjatlar
349 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Toshkent shahridagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi, “Minor” masjidi, “Milliy”(sobiq “Bunyodkor”) stadioni va boshqa ko‘plab obyektlarni qurgan “Trest-12” yirik qurilish korxonasi MCHJdan AJga aylantirilib, moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 11 iyul kuni qabul qilingan tegishli qarorida belgilab qo‘yildi.

Hujjatga ko‘ra, moliyaviy sog‘lomlashtirish, qarzlarni kamaytirish, kapitallashuv darajasini oshirish, sifat menejmenti va moliyaviy resurslarni jalb etishi tizimini takomillashtirish maqsadida trest maqomi o‘zgartiriladi. Kompaniyaning soliqlar bo‘yicha qarzlari davlat byudjetiga o‘tkazilishi barobarida uning ustav jamg‘armasi ko‘paytiriladi. Aksiyalarining 51 foizini davlat(bu yerda aksioner funksiyasini Toshkent shahar hokimligi bajaradi) oladi.

Binobarin, kompaniya ishi qayta ko‘rib chiqiladi, jumladan, uning ish shtatlari optimallashtiriladi va boshqa xarajatlari qisqartiriladi. Bu esa ishlab chiqarish rentabelligini ta’minlaydi. O‘z navbatida kompaniya aksiyalari sotuvga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, “Trest-12” tarixi 1979 yilga borib taqaladi. O‘shanda u jamoatchilik ishlarini bajarish uchun tuzilgan edi. 1994 yilga kelib trest “Trest 12” AJga, 2000 yilga kelib esa mustaqil yuridik shaxsga, 2017 yilda esa MCHJga aylantirilgan edi. Umumiy ishchilari soni 3275 nafar bo‘lgan 10 ta ixtisoslashtirilgan tuzilma bo‘linmalari korxona tarkibiga kiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?