Trent KELLI: “Oʻzbekiston — mintaqaviy lider”

16:29 17 Oktyabr 2019 Siyosat
324 0

Keyingi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston — AQSH munosabatlari izchil rivojlanmoqda. 2018-yilning may oyida Vashingtonda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz strategik sherikligida yangi davrni boshlab berdi.

Intervyu

Xoʻsh, ikki davlatning oʻzaro hamkorligi nima uchun muhim? “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri Navbahor Imamova AQSH Kongressi Vakillar palatasi aʼzosi, AQSH Kongressida “Oʻzbekiston boʻyicha Kokus” — doʻstlik guruhi rahbari Trent KELLIdan shu haqda intervyu oldi. Mazkur suhbatning eng muhim jihatlarini eʼtiboringizga havola etamiz.

— Kongressmen Kelli. Siz tugʻilgan Missisipi shtati Oʻzbekiston bilan oʻziga xos rishtalarga ega. Shu sabab siz bilan Oʻzbekiston haqida gaplashgani keldik...

— Xush kelibsiz! Bu men uchun juda sevimli mavzu. Uch kun oldin Missisipi shtati gubernatori bilan gaplashdim. U yaqinda Oʻzbekistonga borib keldi. Oʻzbekiston va Missisipi orasida oʻxshashliklar koʻp.

— Oʻzbekiston va Missisipi oʻrtasidagi hamkorlik qanday boshlangan? Siz Kongressga 2015-yilda saylangansiz. Lekin Oʻzbekistonni ancha yaxshi bilasiz. Bu davlat bilan qanday qilib til topishgansiz?

— Bilasizmi, ezgu niyatli odamlar har doim bir-birini topadi. Missisipi Milliy gvardiyasi aʼzosiman. Bu kuchlar Oʻzbekiston harbiylarini treningdan oʻtkazib keladi. Uzoq yillik dastur bu (Pentagon dasturi). 2016-yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda Kongress delegatsiyasi bilan Oʻzbekistonga bordim. Oʻshanda ­Shavkat Mirziyoyev bilan tanishganman. U Prezidentlikka saylangach, juda yaxshi ishlar qila boshladi.

— Davlat departamenti koʻp yillardan beri xalqlarni xalqlar bilan bogʻlash kerak, degan yondashuvda. Missisipi shtati ahli Oʻzbe­kiston va uning xalqi haqida qanchalik biladi?

— Oʻrganishyapti, bila boshlashgan. Koʻp narsalarni gapirib berishim mumkin. Juda yoqimli mavzu.

— Marhamat, gapiring.

— Kongress delegatsiyasini oʻzim olib borganman. Sakkiz vakildan iborat edi. Oʻzbekistonga uzoq yillar mobaynida Kongressdan bunday katta qonunchilar guruhi tashrif buyurmagan edi. Boshqalarni ham Oʻzbekistonga qiziqtira boshladik. Doim gaplashamiz. Men oʻzim Missisipida Oʻzbekiston haqida koʻp soʻzlayman. Gubernatorimiz, iqtisod va harbiy masalalar bilan shugʻullanadigan bosh rasmiylarimiz borib kelishdi. Gap bu yerda faqat harbiy hamkorlikda emas. Biz boshqa sohalarda ham Oʻzbekiston bilan ishlashni xohlaymiz. Hamjihatmiz.

— Vakillar palatasidagi Oʻzbekiston guruhi haqida gaplashaylik. Bu guruhning maqsadi nima?

— Maqsad — Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash. Vakillarimiz Oʻzbekistondagi jarayonlardan xabardor boʻlsin. Hozirgi kunga kelib, aksariyat odamlar koʻp narsa biladi. Qaysi mavzuda boʻlmasin: diniy erkinlik, ­inson huquqlari, paxta dalalarida yoki ishxonada; siyosiy mahbuslarni ozod etish masalasimi... Oʻzbekiston uzoq davr mobaynida yopiq mamlakat edi. Endilikda u ochildi. U ayni paytda mintaqaviy lider. Dunyo boʻylab sherik va hamkorlarga ega. Shavkat Mirziyoyev kelib bizning ­Prezidentimiz, mudofaa vazirimiz, men singari vakillar, shuningdek, senatorlar bilan uchrashdi. Bu muloqotlar juda muhim. Aytganimdek, bir-birimizni yaqindan taniyapmiz. Oʻzbekiston guruhidagi demokrat sherigim Visente ­Gonzalez bilan rezolyutsiya loyihasini taklif qildik. Oʻzbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilamiz.

— Har ikki partiya aʼzolari bormi bu guruhda?

— Ha.

— Demak, Oʻzbekiston guruhi — ushbu davlatga qiziqqan, u bilan hamkorlikni yoqlagan, bir-biri bilan bu borada gaplashib, maslahatlashib turadigan qonunchilar doirasi, shundaymi? Kongressda uzoq payt Oʻzbekistondagi siyosat va ­vaziyatni tanqid qilib kelganlar bor. Ular bilan ham gaplashib ­turasizmi?

— Gaplashamiz.

— Sizga buni koʻp aytishsa kerak, Oʻzbekiston tomoni Amerikadan koʻp narsa kutmoqda. Ulkan umidlar bogʻlangan bu hamkorlikka, nafaqat harbiy, oʻzingiz qayd etganingizdek, biznes va sarmoya, taraqqiyot, inson huquqlari va texnik yordam kabi juda koʻp sohalar qamrab olingan. Amerika ham Oʻzbekistonda koʻp ishlar qilmoqchi, koʻmaklashmoqchi. Siz uchun eng dolzarb masalalar nima? Ustuvor maqsadingiz?

— Harbiy hamkorlik birinchi oʻrinda. Yaʼni mintaqaviy barqarorlik. Afgʻoniston ham buning ichida. Oʻzbekiston mazkur jarayonlarda muhim rol oʻynayapti, ­Tolibon va Afgʻoniston hukumati til topishishi uchun harakat qilmoqda. Oʻzbekiston — mintaqaviy lider. Biz shunga qarab harakat qilyapmiz. Iqtisodiy jihatdan, oʻzimizdagi yeryongʻoq yetishtiruvchi fermerlar bilan gaplashyapman. Mahsulotlarimiz uchun Oʻzbekistonda omborxona, taʼminot markazi ochmoqchimiz. Fermer xoʻjaliklari tajriba va bilim almashadigan joy boʻlsin. Qishloq xoʻjaligi nihoyatda muhim soha biz uchun. AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlikni kuchaytirishi yuzasidan muloqot olib boryapman.

— Vashingtonda va boshqa joylarda, hatto Toshkentda ham Amerika Oʻzbekiston bilan hamisha “sizdan ugina, mendan bugina” qabilida hamkorlik qilgan, degan tahlil chuqur ildiz otgan. Yaʼni siz Oʻzbekiston bilan muayyan maqsadlar uchun, masalan, Afgʻoniston borasida ishlaysiz. Mintaqa sizga qayergadir oʻtish yoki yetish uchun kerak. Yondashuv juda pragmatik, uzoqni koʻzlamaydi, deyishadi.

— Shunday fikrlaydiganlar men bilan gaplashsin. Bu notoʻgʻri tahlil. Men bu galgi boʻlajak safarimni ham hisobga olsam, uch yildan beri har noyabr Oʻzbekistondaman. Doimiy aloqadamiz. Visente Gonzalez bilan taklif qilgan rezolyutsiyamiz ham uzoq muddatli hamkorlikka undaydi. Biz — ulkan ­tizimmiz. Kongressda 535 aʼzo bor. 435 vakil, 100 senator. Balki ayrim hollarda qisqa muddatli maqsadlar ham bordir, lekin Oʻzbekiston bugun Kongressda ishonchli doʻstlarga ega. Qolaversa, mana, shtatlarning rahbarlari ham aloqa oʻrnatmoqda. Shtatlar siyosati va hamkorligi oʻzgacha. Ular Afgʻoniston uchun borayotgani yoʻq. Maqsad — iqtisodiy hamkorlik. Missisipi, masalan, Oʻzbekiston bilan chuqur aloqa oʻrnatishni istaydi. Bizni tanqid ­qi­layotganlar haqiqatni koʻrmayapti, ­nazarimda.

— Prezident Mirziyoyevni oʻtgan yili bu yerda iliq kutib oldingiz. Kapitoliyni aylantirdingiz.

— Ha, shunday. Linkoln xonasini, Linkoln prezidentlik paytida juda yaxshi koʻrgan joyni koʻrsatdik. Uchrashuv uchun juda mos zal.

— Suratlarda koʻrdik. Siz ­Shavkat Mirziyoyevga ishonasiz. ­Vaholonki, sizning ishonchingizni qozonish oson emas, toʻgʻrimi?

— Osonmas.

— Shunday ekan, nima uchun Oʻzbekiston hukumati va xususan, ­Prezident Mirziyoyev siz uchun ishonchli taraf?

— Birinchidan, biz hamkorlik tarafdorimiz. Oʻzbekiston Prezidenti ham shuni istaydi. Buning isboti koʻp. Kon­gressdan borganimizda, davlat rahbari vazirlari bilan xorijda edi. Katta delegatsiya edik. Kunimiz bir-biriga toʻgʻri kelmadi. Prezident Toshkentda boʻla olmasdi, chunki boshqa rahbarlar bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan edi. Shunga qaramay, vazirlarining hammasini biz bilan muzokara qilishga yubordi. Bu uning irodasi kuchli ekanidan dalolat emasmi? Diniy mahbuslar masalasida ham maxsus elchimiz Braunbek va Davlat departamenti bilan muzokara olib borildi. Paxta terimi, bolalarni terimga olib chiqish masalasi ham muhokamada edi.

— Majburiy mehnat, bolalar mehnati...

— Mazkur muammolar hal boʻldi. Bu nimadan dalolat? Oʻzbekiston toʻgʻri yoʻldan bormoqchi. Amerika hukumati sekin ishlaydi. Oʻzbekiston hukumati ham sekin ishlaydi. Hech kim biz xohlaganimizdek tez harakat qilmaydi. Mening kuzatishimcha, Oʻzbekiston muntazam ravishda oldinga qadam tashlamoqda, progress ketidan progress. Yaqinlashayotgan saylovlardan ham umidlar katta. Oʻzbekiston hukumati eshikni ochib, keling, jarayonni kuzating, deyapti xalqaro hamjamiyatga. Oʻzbekistonda oshkoralik davri boshlangan. Bu juda yaxshi.

— Oliy Majlis aʼzolari bilan uchrashgansiz, gaplashgansiz. Ular haqida qanday fikrdasiz?

— Senator Safoyev — yaqin doʻst. Parlament aʼzolari bilan ham tanishman. Ularga yordam berib, quvvatlashimiz kerak. Ular xalqning ovozi boʻlishi kerak. Prezident ham shuni xohlaydi, fikrimcha. U parlament kuchli boʻlsin, deyapti.

Davlat rahbari ishonchni kuchaytirib, tuzumga tayansa boʻladigan, xalq uchun ishlaydigan odamlarni olib kirishni xohlaydi. Saylovlar ham shuni koʻrsatishi kerak. Dunyoni, saylov jarayonini kuzating, deb taklif qilib turibdi. Hokimiyatini mustahkamlayotgan odam bunday yoʻldan bormaydi.

— Borsangiz, har ikki partiya vakillari ham hamroh boʻladimi?

— Balki... Yo men oʻzim, yo ikkala partiya vakillaridan iborat guruh. Koʻramiz. ­Xalqaro tashkilotlarni ham taklif qilishgan, BMT va boshqalarni. Bu galgi saylov oldingilaridan erkin va yangicha boʻladi.

 “Doʻstlik” ordeni muborak boʻlsin. Toshkentda edim eshitganimda.

— Ajoyib...

— Bu haqda qanday xabar topdingiz?

— Elchi menga xabar berdi. Mukofot men uchun sharaf. Doʻstligimiz timsoli. Qanday inson ekanimni sizga aytdim: kim bilan doʻstlashmay, men chin doʻstman. 15 — 20 yil oldin shahrimda prokuror edim. Oʻsha paytda orttirgan doʻstlarim, politsiyachilar, masalan, hamon qadrdonlarim. 10 — 15 yil oldin birga xizmat qilgan harbiylar bilan hozirgacha yaqinman. Doʻstlikni va doʻstini qadrlaydigan odamman. Doʻst — bir umrga doʻst. Buni hamisha isbotlay olaman. Aytganimdek, orden meni quvontirdi va ruhiy kuch berdi.

— Suhbat uchun rahmat.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?