Trast fondining tuzilishi oʻzbek diplomatiyasining katta yutugʻidir

13:36 30 Noyabr 2018 Siyosat
628 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Xorijiy ommaviy axborot vositalarida eʼtirof etilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondining tuzilishi oʻzbek diplomatiyasining katta yutugʻi boʻldi.

Yangi tuzilma faoliyat boshlashiga bagʻishlangan maqolada AQSHning nufuzli “The New York Times” gazetasi muxbiri Orol dengizini butkul tiklab boʻlmasligi ayonligi sababli uning ayanchli oqibatlarini yumshatish va Orolboʻyida istiqomat qilayotgan aholining turmushini yaxshilash, bu yerda iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidlaydi. Trast ­jamgʻarmasi ushbu masalalarni hal qilish va qoʻshimcha dasturlarni amalga oshirish uchun moliya manbalarini yoʻnaltirish ­imkonini beradi.

Buyuk Britaniyaning “The Guardian” gazetasida qayd etilganidek, Shavkat Mirziyoyev administratsiyasi koʻplab masalalarga yangicha yondashuvni namoyon qilayotir. Respublika Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, inson hayotiga halokatli taʼsirlarni yumshatish boʻyicha saʼy-harakatlarni salmoqli darajada faollashtirib, ushbu jarayonga xalqaro hamjamiyatni ham jalb etmoqda.

“The Conversation” jurnalida aytilishicha, Oʻzbekiston Prezidenti 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Orol fojiasining global darajadagi ahamiyatini tushuntirib berganidan soʻng ushbu masala atrofidagi xalqaro hamkorlik kuchayib borayotir.

Trast fondi tashkil etilishi bilan ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish boʻyicha Oʻzbekiston olib borayotgan ishlar institutsional asosga ega boʻldi, deyiladi Germaniyaning “Discover Magazine” nashrida. Soʻnggi yillarda koʻplab xorijiy donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar mintaqadagi muammolarni hal qilish uchun katta mablagʻlar ajratdi. Trast fondi mazkur yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni tizimlashtirish, mintaqa rivoji uchun texnik hamda moliyaviy resurslarni “yagona oyna” ­orqali yoʻnaltirish va sarflash, Orolboʻyi hududiga ekologik innovatsiyalar hamda texnologiyalarni joriy qilish imkonini beradi.

Hindistonning “NDTV” telekanali oʻz mamlakatida ham koʻplab ekologik muammolar mavjudligi va Nyu-Dehli ularni hal qilishda Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish zarurligini taʼkidlaydi. Jurnalistlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining oldingi Bosh kotibi Pan Gi Mun ham, hozirgi kunda ushbu lavozimni egallab turgan ­Antoniu Guterrish ham Orolboʻyi hududla­riga safar qilib, suv havzasining qurib borishi tufayli izdan chiqayotgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni oʻz koʻzi bilan koʻrganini alohida qayd etadi. Oʻzbek diplomatiyasining faol saʼy-harakatlari tufayli dunyo hamjamiyati Orol inqirozi jahon miqyosidagi talafot ekanligini anglab ­yetmoqda.

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi tarqatgan maxsus reportajda BMT Bosh ­kotibi Antoniu Guterrishning quyidagi soʻzlari keltiriladi:

“Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga (“Sustainable Development Goals”) erishish boʻyicha saʼy-harakatlarimiz moliyalashtirish manbalarini koʻpaytirishni talab qiladi. Shu sababli men donor mamlakatlarni Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondiga yordam berishga chorlayman”.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?