Transport sohasini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda

17:00 30 May 2019 Jamiyat
224 0

Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi majlisida Transport vazirining joriy yil birinchi choragida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisoboti eshitildi.

Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan sohada meʼyoriy-huquqiy bazaning toʻliq shakllanmaganligi, transport tizimining muvozanatsizligi, kadrlar yetishmasligi, sohaga innovatsiyalarni joriy etish darajasi pastligini inobatga olib, ularni bartaraf etish boʻyicha ishchi guruhi tuzilgan. Bugungi kunda mazkur ishchi guruhi tomonidan transport sohasini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Unga koʻra, koʻrsatilayotgan transport xizmatlari sifati va sonini oshirish yuzasidan ish olib borilyapti.

Aholining uzogʻini yaqin qilish maqsadida joriy yil davomida 107 ta yangi yoʻnalish ochish rejalashtirilgan boʻlib, bugunga qadar 10 ta avtobus yoʻnalishi ochilgan. Soʻnggi 20 yil davomida mamlakatimizda muntazam xalqaro marshrutlar mavjud emas edi. Ayni paytda bu boradagi ishlar yanada jadallashib, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston kabi davlatlar bilan bogʻlovchi 14 ta yoʻnalish faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Majlisda senatorlar tomonidan vazirlik faoliyati samaradorligi hamda belgilangan ayrim vazifalarning ijrosi toʻliq taʼminlanmagani qayd etildi. Jumladan, Jahon bankining Logistic perfomance Index Logistika samaradorligi indeksi metodologiyasiga muvofiq, respublika transport-logistika kompleksi holatini baholash tizimini joriy etish ishlari oʻz vaqtida bajarilmayapti. Bu boʻyicha 2019-2020-yillarga moʻljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilganiga qaramasdan, baholash mezonlarini oʻrganish vazifasi bajarilmagan. Shu bilan birga, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ ning tartibga solish funksiyalari, vazifalari va vakolatlarini Transport vazirligiga oʻtkazish yuzasidan Hukumat qarori qabul qilinmagan.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan qoʻmita aʼzolari tomonidan fikr va munosabatlar bildirildi. Atroflicha javoblar olindi. Belgilangan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash yuzasidan zarur koʻrsatmalar berildi.

Munisxon KARIMOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?