Transport sohasida Toshkentda oʻtkaziladigan I Xalqaro konferensiya haqida maʼlumot berildi

11:18 14 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
499 0

2018 yil 20 sentyabr kuni “Markaziy Osiyo xalqaro transport koridorlari tizimida: amalga oshirilmagan imkoniyatlar va strategik istiqbollar” mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya tashkil etiladi.

Nufuzli anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzavtoyoʻl” aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida oʻtkazilmoqda.

Anjumanning asosiy maqsadi – xalqaro moliyaviy institutlar, tashkilotlar, transport uyushmalari, transport va logistika kompaniyalari vakillari bilan yangi transport koridorlarini shakllantirish va takomillashtirish boʻyicha muloqotni har tomonlama rivojlantirishdir. Bu haqda Milliy matbuot markazida jurnalistlar uchun tashkil etilgan brifingda aytib oʻtildi.

"Hozirgi vaqtda anjumanda 50 dan ortiq mamlakatdan 340 nafar xorijiy mehmonlar oʻzlarining ishtiroklarini tasdiqlashdi. Ular Latviya, Litva, Lyuksemburg, Moldova, Pokiston, Polsha, Rossiya, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Belarus, Germaniya, Gruziya, Misr, Hindiston, BAA, Eron, Italiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, AQSH, Tojikiston, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Sheysariya va Yaponiya kabi davlatlardan. Shu bilan birga konferensiyada Markaziy Osiyoda yagona tarmoqli va tashqaridan integratsiyalashgan transport maydonini yaratish mavzusi ham oʻrtaga tashlanadi. Bu oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik asosida oʻzaro munosabatlarni mustahkamlashga yordam beradi“, — deydi Tashqi savdo vazirligi Eksport marshrutlarini diversifikatsiyalash va transport koridorlarini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Azizbek Salaxiddinov.

Xalqaro konferensiyaning asosiy plenar yigʻilishi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida boʻlib oʻtadi. Tushdan keyin tanlangan tematik tarmoqlar boʻyicha toʻrtta parallel seksiyali sessiya boshlanadi.

Konferensiya yakunida respublikaning transport sektorini rivojlantirish boʻyicha memorandumlar va boshqa hujjatlar qabul qilinishi hamda imzolanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mehmonlarning Samarqandga tashrif buyurishi rejalashtirilgan boʻlib, “MAN Auto-Uzbekistan” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?