Transport-logistika sohasida muhim tashabbus

18:03 28 Sentyabr 2020 Siyosat
579 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida Oʻzbekiston uchun barqaror iqtisodiy oʻsishning eng muhim garovi – raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni koʻpaytirish, tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish borasida oʻrinli va kechiktirib boʻlmaydigan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Shu munosabat bilan BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif qildi.

Biz transport-kommunikatsiya aloqalari toʻgʻrisida gapirar ekanmiz, bu Oʻzbekiston uchun juda muhim va oʻylantiradigan dolzarb masalalardan biri ekanini taʼkidlash joiz. Shu bois, Oʻzbekiston transport sanoatini rivojlantirishga strategik ahamiyat berib, milliy va mintaqaviy darajalarda transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda, shuningdek, uni xalqaro transport tizimiga qoʻshish boʻyicha izchil ishlarni olib bormoqda.

Xalqaro ekspertlarning xulosasiga koʻra, infratuzilmani yaxshilash, moslashuvchan tariflar qoʻllash va yangi istiqbolli yoʻnalishlarni shakllantirish hisobidan, Oʻzbekistonda tranzit salohiyatini hozirgi 7 milliondan 16 million tonnaga yetkazish imkoniyatimiz mavjud.

Maʼlumki, Oʻzbekistonning okeanga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqishga imkoni yoʻq va dunyoda bunday davlatlar soni 44 tani tashkil qiladi. Ammo ularning 42 tasi bir mamlakat chegarasidan oʻtsa keyingisi okean. Oʻzbekiston esa buning uchun ikki mamlakat hududini bosib oʻtishi lozim. Okeanga chiqish uchun esa eng yaqin yoʻl bu Afgʻoniston orqalidir. Shu maʼnoda, bugungi kunda yaqin qoʻshnimiz bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirish, bu zaminida tinchlik va barqarorlikning taʼminlanishidan Oʻzbekiston toʻlaqonli manfaatdordir.

Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston saʼy-harakati bilan soʻngi uch yilda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhiti shakllandi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashdir.

Bu boradagi amaliy ishlar allaqachon boshlanib, Oʻzbekiston mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afgʻonistonni keng jalb etish maqsadida «Surxon – Puli Xumri» elektr uzatish tarmogʻini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yoʻl qurilishi kabi yirik loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Buning natijasida aholi daromadlari va mahsulot sifati oshadi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi, tannarx pasayadi, yangi texnologiyalar olib kelinadi. Bozor islohotlarini jadal rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun yangidan-yangi bozorlarga kirib boramiz.

Transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligi va eksport salohiyatini oshirish, transport kommunikatsiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida davlat boshqaruv organi sifatida belgilangan Transport vazirligi tashkil etildi. Qolaversa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan barcha turdagi transportlarning optimal va muvozanatlashgan oʻzaro aloqasini nazarda tutuvchi yangi “Transport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlgan transport-logistika sohasi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv va oʻzaro manfaatli munosabatlarni shakllantirish, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va uning jozibadorligini oshirish uchun sifatli, qulay va arzon transport tizimini yaratish bugungi globallashayotgan dunyoda alohida dolzarblik kasb etadi.

Farhod ZAYNIYEV,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?