Tramp Merkeldan Putin bilan qanday gaplashish borasida maslahat so‘radi

14:35 02 May 2018 Dunyo
588 0
Foto: Euronews

AQSH Prezidenti Germaniya kansleri Angela Merkel bilan Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan qanday munosabat o‘rnatish kerakligi to‘g‘risida maslahat so‘radi. 

Bu haqda “CNN” telekanali Rossiya — AQSH o‘rtasida yuqori darajadagi muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan muhokamalardan xabari bor bo‘lgan manbalariga tayanib ma’lum qildi.
Rossiyalik politolog Sergey Markovning fikricha, GFR kansleri bu borada bemalol maslahat bera oladi. 

“Merkel Trampga juda ko‘p narsalarda maslahat berishi mumkin, zero unda ulkan siyosiy tajriba bor, — deydi ekspert — Axir u 2005 yildan beri hokimiyat tepasida va o‘zining amerikalik hamkasbiga qandaydir amaliy narsalarni o‘rgatishi, jumladan, Vladimir Putin bilan muloqot qilish bo‘yicha tajribasini bo‘lishishi mumkin. U toza psixologik nuqtai-nazaridan Putin qanday voqealarga munosabat bildirishini tushuntirishi mumkin”. 

Siyosatchining qayd etishicha, davlat rahbarlari o‘rtasidagi munosabatda nafaqat maxsus tayyorlanadigan alohida kontekst va zamin, balki yetakchilarning psixologik jihatdan bir-biriga mos kelishi, chiqishib ketishi ham muhimdir.

“Masalaning ruhiy tomoni ham bor, — dedi Markov. — Tramp uchun, ayniqsa, bu muhim. Chunki u katta siyosatda hali yangi. Tramp — juda kuchli yetakchi, u aslida partiyasiz nomzod sifatida Respublikachilar partiyasi rahbariyati istaklariga qarshi chiqib, Amerikadagi hukmron sinf irodasiga qaramay AQSH Prezidenti bo‘ldi va mislsiz ko‘tarilishga erishdi. Ya’ni Tramp hayratlanarli darajadagi yetakchilikni namoyish etayapti. Bunday sharoitda ikki kuchli rahbar o‘rtasidagi muloqotda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha trend juda muhimdir. Shuning uchun Trampga Vladimir Putin bilan bir necha bor uchrashgan Merkelning maslahatlari juda kerak”.

Ekspert Germaniya kansleri rus tilida, Rossiya Prezidenti esa nemis tilida erkin so‘zlashi ular o‘rtasidagi suhbatda ko‘p bor qo‘l kelganini eslatib o‘tdi. 
Markovning fikricha, Tramp va Merkel o‘rtasidagi bu boradagi suhbat haqida axborot tarqalib ketgani ijobiy belgidir.

“Bu yerda boshqa masala muhimroq va mazmunliroqdir. Agar Tramp Putin bilan munosabat qilish bo‘yicha maslahatlashayotgan bo‘lsa, demak u Rossiya Prezidenti bilan rostdan ham uchrashishni xohlaydi. Bu shu kabi uchrashuv real rejalashtirilayotganini anglatadi, bunday muzokaralar esa juda foydali bo‘ladi”, — deydi siyosatchi.
Biroq Merkel Trampga maslahat bergan-bermagani noma’lumligicha qolayapti. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?