Tramp: “Bizda Rossiya bilan ham, Xitoy bilan ham yaxshi munosabatlar boʻladi. Bu juda muhim”

18:31 21 Iyun 2019 Dunyo
547 0

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin va XXR raisi Si Szinpin bilan Yaponiyaning Osaka shahrida boʻlib oʻtadigan “Katta yigirmatalik”(G20) sammiti maydonida uchrashishini maʼlum qildi. U Fox News telekanaliga bergan intervyusida shu haqda toʻxtalib oʻtgan.

“Men Rossiya bilan doʻstlashishni xohlayman va oʻylaymanki, shunday boʻladi. Men Xitoy bilan doʻstlashishni xohlayman va oʻylaymanki, shunday boʻladi, - deya javob qaytargan Tramp boshlovchining Rossiya va Xitoy yetakchilari bilan munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha bergan savoliga. – Umuman, olganda ular bilan kelgusi hafta Yaponiyada G20 sammitida uchrashaman”.

Tramp AQSH va Rossiya oʻrtasidagi aloqalarning yomonlashuviga Moskvaning Amerikadagi saylovlarga aralashuvi bilan bogʻliq surishtiruv ishlari sabab boʻlganini aytib oʻtgan.

“Bizda Rossiya bilan yaxshi munosabatlar boʻladi va Xitoy bilan ham yaxshi munosabatlar boʻladi. Bu juda muhim”, - deya qoʻshimcha qilgan u.

RF rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Putinning “Katta yigirmatalik” sammiti maydonidagi uchrashuvlar grafigi koʻrib chiqilayotgani uchun bu borada aniq axborot bera olmasligini bildirgan edi. Oʻz navbatida u Putin va Trampning Kremlda ehtimoliy uchrashishi haqida hozircha yangilik yoʻqligini ham bildirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?