Tojikistonlik olimlar Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlari tarixida yangi sahifa boshlangani haqida fikr bildirmoqda

16:57 15 Sentyabr 2020 Siyosat
219 0

Bugun Tojikiston poytaxtida ikki kunlik “Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlarining doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi, Tojikiston — Oʻzbekiston strategik sherikligining yangi sahifasini ochish” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini yakunlandi.

Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot, tahlil tuzilmalari va oliy oʻquv yurtlari rahbarlari, taniqli olimlari va yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Ilmiy forumda Tojikistonning 15 dan ortiq yetakchi ilmiy-tadqiqot instituti, tahlil markazlari va oliy oʻquv yurtlarining 200 ga yaqin vakili qatnashdi. Ular orasida Milliy fanlar akademiyasi, davlat boshqaruvi akademiyasi, strategik tadqiqotlar markazi, siyosiy jarayonlar, diplomatiya va globallashuv instituti kabi tuzilmalar bor.

Konferensiya davomida Tojikiston olimlari va mutaxassislari ikki mamlakat rahbarlarining Oʻzbekiston – Tojikiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish, Markaziy Osiyo mintaqasining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini taʼminlashdagi roli va hissasi toʻgʻrisida maʼruzalar qildi.

Xususan, Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi prezidenti Farhod Rahimiy oʻz nutqida aynan ikki davlat rahbarlarining birodarlik, insoniylik jihatidan juda samimiy doʻstligi bugungi kunda xalqlarimiz farovonligini oshirishda yangi tarixiy yutuqlarga erishishning kuchli kafolati ekanini taʼkidladi. Uning bildirishicha, Prezidentlarimizning irodasi, dono qarorlari bilan soʻnggi uch yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi, chegaralar ochildi, iqtisodiy, madaniy va ilmiy hamkorlikning barcha shakllari tiklandi.

“Xalqlarimiz doʻstona munosabatlar tiklanishidek tarixiy voqeaga guvoh boʻldi, buni katta his-hayajon bilan qarshi oldi. Bu munosabatlarimiz tarixida yangi sahifaning boshlanishidir”, - dedi akademik.

Farhod Rahimining qayd etishicha, ana shunday bir paytda, ziyolilar mamlakatlarimiz siyosiy rahbarlari qarorlarini amalga oshirish boʻyicha yangi tarixiy vazifani bajarishga kirishishi kerak.

Oʻz navbatida, Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Sanʼat tarixi boʻlimi boshligʻi Asliddin Nizomov mamlakatlarimiz rahbarlari xayrixohlik va dunyoni anglashning eng yuqori darajasini namoyish etib, ming yillar davomida shakllangan doʻstlik va oʻzaro anglashuv boʻyicha boy tarixiy anʼanalarni qayta tiklashganini qayd etdi.

Tojikistonlik olimning soʻzlariga koʻra, jahon tamaddunining qadimiy beshiklaridan biri Markaziy Osiyo mintaqasi taqdiri bizning ilm-fan va maʼnaviyatimizning avvalgi shon-sharafini qayta tiklash yoʻlidagi ishonchli va samarali hamkorligimizga bevosita bogʻliq. Har doim boʻlganidek, maʼnaviyat – intellektual sohada ijodiy asosni mustahkamlaydi. Chunki maʼnaviy kuch ijtimoiy faollik va birdamlik hissini hosil qilib, iqtisodiy oʻsish va siyosiy barqarorlik uchun sharoit yaratadi.

Shu bois Asliddin Nizomov ilmiy jamoatchilikni Tojikiston – Oʻzbekiston madaniy aloqalarini mustahkamlash choralarini koʻrishga chaqirdi. Uning taʼkidlashicha, shu yoʻl bilan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qarama-qarshiliklarning oldini olish mumkin. Zero, jamiyatda birodarlik birligi hissining ustun boʻlishi kelajakda geosiyosiy va geomadaniy yoʻnalishdagi muammolardan himoyalanishga imkon beradi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining direktori, professor Ziyoi Xurshed Maxshulzoda mamlakatlarimiz hamkorligi salohiyatini yuqori baholab, ikki tomonlama imkoniyatlardan samarali foydalanib kelayotgan xalqlarimiz Prezidentlarimiz rahbarligida siyosiy aloqalarda ijobiy natijalarga erishganini taʼkidladi.

“Shu bilan birga, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchni mustahkamlashda, Tojikiston – Oʻzbekiston strategik sheriklik munosabatlarida yangi sahifa ochishda davlat rahbarlarining alohida hissasi bor”, dedi u.

Siyosiy sohadagi strategik sheriklik mintaqada munosabatlarning yangi konstruktiv muhitini yaratish, ekstremizm, terrorizm va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga, shuningdek, xavfsizlik, zamonaviy tahdid va chaqiriqlarga qarshi kurashish orqali mintaqada oʻzaro hamkorlikni ham mustahkamlashi mumkin, deydi professor Ziyoi Xurshed Maxshulzoda.

Akademik Karomatullo Olimov esa ikki mamlakat va xalqlar oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash haqida gapirib, xalqlarimiz va ilm-fan rivoji uchun birgalikda tadqiqotlar olib borishda qulay muhit va imkoniyat mavjudligini taʼkidladi.

Shu bilan birga, tojikistonlik akademik, Tojikiston va Oʻzbekistonning taniqli faylasuflari, akademik A.M.Bogoutdinov hamda akademik I.M.Moʻminov Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻrtasidagi samimiy birodarlik munosabatlari xalqlarimiz doʻstligi va hamkorligiga yorqin namuna ekanini qayd etdi. Olimning soʻzlariga koʻra, “Chegaralarning ochilishi davlatlarimiz va xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashga hissa qoʻshdi”.

Oʻz navbatida, akademik Karomatullo Olimov ikki mamlakat olimlarini ilmiy hamkorlikni kengaytirishga, mamlakatlar qoʻlyozma fondlarida saqlanadigan buyuk merosni birgalikda oʻrganishga, shuningdek, zamonaviy dunyoning dolzarb muammolarini oʻzaro hurmat va sadoqat ruhida birgalikda oʻrganishga chaqirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?