Tojikistondan O‘zbekistonning beshta shahriga avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda

14:56 09 Aprel 2018 Jamiyat
682 0
Foto:avtograf22.ru

Joriy yil 13 aprel kuni O‘zbekiston va Tojikiston davlatlarining transport sohasiga mas’ul hukumat organlari vakillari Toshkentda uchrashib, ikki mamlakatning yirik shaharlari o‘rtasidagi avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bitimni imzolashadi. 

Bu haqida “AR” axborot agentligi Tojikistonning “Asian Express” kompaniyasi ma’lumotiga tayanib xabar berdi. Unga ko‘ra, barcha yo‘lovchi avtobuslari shu yil may oyi boshidan “Xo‘jand — Toshkent”, “Panjikent — Samarqand”, “Xo‘jand — Farg‘ona”, “Dushanbe — Denov” va “Dushanbe — Termiz” yo‘nalishlari bo‘ylab qatnay boshlaydi.

Mazkur qatnovlar uchun yo‘lkira tariflari va harakat grafigi bitim imzolangandan so‘ng e’lon qilinadi.

Hozircha Tojikiston mazkur xizmatni “Asian Express” kompaniyasi taqdim etishi aniq bo‘lgan. O‘zbekiston tarafi esa yaqin orada bu faoliyatga mas’ul yuridik shaxs nomini ma’lum qiladi.

Avtobus yo‘lovchilari Tojikistondan O‘zbekistonga o‘tayotganda chegarada muammo bo‘lmasligi aytilayapti.

“Nazorat-o‘tkazish punkti hududida yo‘lovchilar avtobusdan tushishlari lozim va tezkor chegara hamda bojxona tekshiruvidan so‘ng ular o‘z sayohatlarini davom ettirishlari mumkin”, - deydi Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot kotibi Muhammad Ulug‘xo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, ikki davlat shaharlari o‘rtasidagi muntazam avtobus qatnovlari va aviareyslar 1992 yilda to‘xtatilgan edi. Joriy yil aprel oyida 25 yillik tanaffusdan so‘ng aviaparvozlar qayta tiklandi.
Bundan tashqari, shu yilning martida ikki davlat fuqarolari O‘zbekiston va Tojikistonda 30 kun viza olmasdan yurishi joriy etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?