Tojikistonda portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavod quriladi

14:30 13 Iyun 2018 Dunyo
376 0
Foto: youtube.com

Tojikistonda emulsiyali portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavod quriladi. Bu haqda “Avesta” axborot agentligi xabar berdi.

2019 yil oxirigacha qurib bitkazilishi rejalashtirilayotgan korxonaning loyiha qiymati 20 million AQSH dollariga teng.

Agentlik mamlakat parlamenti quyi palatasi tomonidan 2017 yil noyabr oyida davlat hukumati va “KM-Musoir” kompaniyalari o‘rtasida imzolangan Xatlon viloyati Dang‘ara tumani hududida sanoatbop emulsiyali portlovchi moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha zavodni qurish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilinganini eslatib o‘tdi.

O‘shanda loyiha mahalliy va Xitoy sarmoyasi evaziga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Barpo etiladigan zavodning aksiyalarining 51 foizi Xitoy, 49 foizi Tojikistonga tegishli bo‘ladi. Korxona uchun xorijdan olib kelinadigan asbob-uskunalar qo‘shimcha qiymat solig‘i va bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi. Bundan tashqari, zavod o‘z faoliyatining dastlabki besh yilida daromad solig‘i to‘lamaydi. U yerda 200 ta ish o‘rni yaratiladi. Bularning 80 foizini mahalliy aholi vakillari egallaydi.

Mazkur mamlakat investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaning bu turdagi portlovchi moddalarga bo‘lgan ehtiyoji yiliga 25 ming tonnaga yaqin. Ayni paytda bunday mahsulotlarning asosiy qismi chet eldan olib kelinyapti. Zavod ishga tushgandan so‘ng sanoat portlovchi moddalarini ishlab chiqarish hajmi yiliga 20 ming tonnadan kam bo‘lmaydi. Mahalliy bozor talablaridan kelib chiqqan holda eksportga ham yo‘naltirilishi maqsad qilingan.

Eslatib o‘tamiz, emulsiyali portlovchi modda boshqa muqobillari, xususan, ko‘pchilikka ma’lum trotildan ancha xavfsizdir.

Ayni paytda esa Rossiyaning “Kristall” ilmiy-tadqiqot instituti qo‘llab-quvvatlashi bilan Tojikistonning Isfara shahridagi mahalliy kimyo zavodi bazasida emulsiyali portlovchi moddalar sexi ishlab turibdi. U yerda 50 kishi faoliyat yuritadi. Umumiy qiymati 350 ming dollarlik qurilmalar Rossiyadan keltirilgan.

Markaziy Osiyoda Tojikistondan tashqari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham shu kabi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?