Tojikistonda koronavirusni yuqtirganlar 10 yilgacha qamalishi mumkin

23:17 06 Iyul 2020 Dunyo
1164 0

Endilikda Tojikistonda koronavirusni boshqalarga yuqtirganlar 5 yildan 10 yilgacha qamalishi mumkin. Bu haqda «Aziya-Plyus» nashri xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, mamlakat prezidenti Imomali Rahmon 4-iyul kuni jinoyat kodeksining 207-moddasiga kiritilgan tuzatishlarni imzolagan. Unga koʻra, endilikda epidemiologik normalarni buzib, koronavirusni boshqalarga yuqtirishga sababchi boʻlganlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Agar virus yuqtirgan odam kimningdir salomatligi jiddiy yomonlashishiga sabab boʻlsa, qamoq jazosi 10 yilgacha oshiriladi.

Tojikiston jinoyat kodeksining 207-moddasida infeksion kasalliklarni yuqtirish uchun jazo mavjud edi, endilikda bu moddaga oʻzgartirish kiritildi va toʻldirildi. Tuzatishga koʻra, jamoat joyida niqobsiz yurganlar 290 somonigacha (28 dollar) jarimaga tortilishi mumkin. Koronavirus haqida yolgʻon maʼlumot tarqatganlik uchun jismoniy shaxslar 580 somoni (56 dollar), yuridik shaxslar esa 11 600 somoni (1 126 dollar) miqdorida jarimaga tortiladi.

Tojikiston jinoyat kodeksiga kiritilgan bu oʻzgarishlar hukumat nashrlarida eʼlon qilingach, rasman kuchga kiradi.

Maʼlumot uchun, ayni damda Tojikistonda koronavirus yuqtirganlar soni 6 213 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 4 858 nafari tuzalgan boʻlsa, 53 kishi vafot etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?