Tojikistonda 16 turdagi tovar va mahsulotlar, jumladan kartoshka, piyoz va sabzi narxlari ham davlat nazoratiga olinmoqda

12:30 05 Iyul 2018 Dunyo
208 0

Tojikiston hukumati asosiy ehtiyoj mahsulotlari va tovarlarning 16 turi narxlarini o‘z nazorati ostiga oladi. Bu haqida “Avesta” manbasi xabar berdi. Mazkur vazifani amalga oshirish tegishli qaror bilan davlat monopoliyaga qarshi kurash xizmatiga yuklatildi.

Xususan, davlat tomonidan narxlari muvofiqlashtirib turiladigan ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va mahsulotlar orasida un, non, makaron mahsulotlari, don, arpa, guruch, shakar, moy, kartoshka, sabzavotlardan: sabzi, piyoz, karam, sut mahsulotlaridan: sut, kefir, smetana, tvorog, go‘sht mahsulotlaridan: mol, qo‘y, tovuq go‘shtlari, shuningdek tuxum, tuz, choy, bolalar ozuqasi bor.

Ta’kidlash kerakki, bundan avval ham Tojikiston rasmiylari oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, Ramazon oyida go‘sht qiymatini bir necha bor tartibga solishga uringan edi. Biroq bular o‘z samarasini bermadi: sifati yaxshi go‘sht peshtaxtalardan “g‘oyib bo‘ldi”, tavsiya qilingan narxlar bo‘yicha eskirgan mol va qo‘y go‘shti taqdim qilindi.

Umuman olganda, Tojikiston oradan 25 yil o‘tib yana tovar va mahsulotlar narxini muvofiqlashtirish amaliyotiga qaytyapti.

Eslatib o‘tamiz, ushbu mamlakat hukumati tomonidan 1993 yilda qabul qilingan erkin narx-navo to‘g‘risidagi qaror yordamida bozorda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligiga barham berilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?