Tojikiston to‘qimachilik sanoati vakillari O‘zbekiston tajribasini o‘rganish uchun keldi

19:12 06 Avgust 2018 Jamiyat
346 0

Bugun, 6 avgust kuni Tojikistonning to‘qimachilik sanoati vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga bir haftalik tanishuv safarini boshladi.Bundan ko‘zlangan maqsad Tojikiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati yetakchilarini yurtimizning mazkur sohasida to‘plangan boy tajribasi bilan yaqindan tanishtirish hamda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.

Delegatsiya tarkibidan yirik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj fabrikalari,konsalting kompaniyalari, Savdo-sanoat palatasi, Xususiy sektorni rivojlantirish kengashi, shuningdek, oliy o‘quv yurtlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari o‘rin olgan.

— Biz Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifalar ochilganidan xursandmiz, — deydi Shveysariya Hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan Xalqaro savdo markazining Tojikistondagi dasturi milliy menejeri Saidmo‘min Kamolov. — Bu bizga qo‘shnilarimizning tajribalarini o‘rganish imkonini berdi. Tashrif dasturiga O‘zbekiston tikuvchilik va to‘qimachilik sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlari bilan yaqindan tanishish ko‘zda tutilgan. Aminmanki, mazkur tashrif Tojikiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati vakillari uchun mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda yangi g‘oyalarni ilgari surishga, shuningdek, yangi biznes-aloqalarni yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.

Tashrif davomida to‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma korxonalar ochish, hamkorlik Memorandumini imzolash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?